Ilmga baxshida umr
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyida atoqli adabiyotshunos olim, filologiya fanlari doktori, akademik, "Buyuk xizmatlari uchun" ordeni sohibi Azizxon Qayumov tavalludining 100 yilligiga bag‘ishlangan xotira kechasi hamda Ogahiyning «Ta’viz ul-oshiqin» devonining yangi nashri taqdimoti o‘tkazildi.
Anjumanda ilm-fan, adabiyot vakillari, olimlar, yosh tadqiqotchilar hamda navoiyshunos va ogahiyshunos mutaxassislar ishtirok etdi.
Tadbir davomida akademik Azizxon Qayumovning o‘zbek adabiyotshunosligi va manbashunosligiga qo‘shgan ulkan hissasi, ilmiy merosi hamda ustozlik faoliyati haqida ma’ruzalar tinglandi.

Aytish kerakki, akademik, navoiyshunos olim Azizxon Qayumov (1926–2018) o‘zbek adabiyotshunosligi, ayniqsa, navoiyshunoslik va matnshunoslik rivojiga ulkan hissa qo‘shgan buyuk olimdir. Uning milliy adabiyotimizdagi asosiy xizmatlari bir necha yo‘nalishlarda yaqqol ko‘zga tashlanadi.
Olim Alisher Navoiy hayoti va ijodini tadqiq etishga umrini bag‘ishlagan. Uning «Saddi Iskandariy» (1975), «Hayrat ul-abror» (1977), «Farhod va Shirin» sirlari» (1979) kabi asarlari Navoiy dostonlarining mohiyatini ochib berishda muhim manba bo‘lib xizmat qiladi.
Azizxon domla Qo‘qon adabiy muhitini o‘rganish borasida salmoqli ilmiy izlanishlar olib borgan. Qo‘qon adabiy muhiti va uning namoyandalari – Maxmur, Hoziq, G‘oziy va boshqalar haqida fundamental tadqiqotlar yaratgan. Ustoz bir qator mumtoz adabiyot vakillarining asarlarini birinchi bo‘lib ilmiy muomalaga kiritgan.
U ko‘plab mumtoz shoirlarning asarlarini qo‘lyozmalardan zamonaviy alifboga tabdil qilish va nashrga tayyorlashda jonbozlik ko‘rsatgan. Olimning rahbarligida o‘nlab fan doktorlari va nomzodlari yetishib chiqqan, bu esa, o‘z navbatida «Aziz Qayumov ilmiy maktabi» shakllanishiga asos bo‘lgan.
Olim faqat tadqiqotchi emas, balki madaniyat vaziri, Davlat kinematografiya qo‘mitasi raisi va Qo‘lyozmalar instituti direktori sifatida ham milliy madaniyatimizni asrab-avaylashga hissa qo‘shgan.

Azizxon Qayumovning ilmiy merosi bugungi kunda 30 jildlik to‘la asarlar to‘plami sifatida chop etilmoqda, bu esa uning o‘zbek filologiyasidagi o‘rni naqadar beqiyos ekanini tasdiqlaydi
Shuningdek, Ogahiyning “Ta’viz ul-oshiqin” devonining yangi nashri yuzasidan fikr-mulohazalar bildirilib, asarning matni, ilmiy ahamiyati va kitobxonlar uchun tutgan o‘rni alohida ta’kidlandi. Kitobga shoirning o‘zbek va fors tillaridagi butun lirik merosi ilk bor jamlangan.
Nashr Ogahiy devonining eng ishonchli qo‘lyozma nusxalari va ilmiy-tanqidiy matni asosida tayyorlangan.
Mazkur ilmiy-ma’rifiy anjuman akademik Azizxon Qayumov xotirasini yod etish, milliy adabiy merosimizni targ‘ib qilish hamda yosh avlodni ilm-fanga oshno etish yo‘lida muhim ahamiyat kasb etdi.
N.Usmonova, O‘zA