Xotin-qizlar manfaatlari doimiy e’tiborda
Navoiy shahridagi Ma’naviyat va ma’rifat markazida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva hamda Bosh vazir o‘rinbosari Dilnoza Kattaxonova ishtirokida xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusidagi ustuvor vazifalar muhokama qilindi.
Tadbirda mahalla “yettiligi” vakillari, oila va xotin-qizlar tizimi xodimlari, shuningdek, davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari ishtirok etdi.
Tadbir avvalida ta’kidlanganidek, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar inson qadrini ulug‘lash, aholining turmush farovonligini oshirish hamda xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan. Bu borada qabul qilinayotgan qonunlar, davlat dasturlari va amaliy chora-tadbirlar ayollarning huquq va manfaatlarini ta’minlash, ularning jamiyat hayotidagi faolligini yanada kuchaytirishga xizmat qilmoqda.

Yig‘ilishda Senat Raisi Tanzila Norboyeva mamlakatimizda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgani, Prezidentimiz tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan har bir islohot, eng avvalo inson manfaatiga, xususan, xotin-qizlar hayotida ijobiy o‘zgarishlar yaratishga qaratilganini qayd etdi. Uning ta’kidlashicha, mahallalarda faoliyat yuritayotgan mutasaddilar ishining asosiy mezoni har bir xotin-qizning davlat tomonidan ko‘rsatilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlikdan mamnun bo‘lishidir.

Tadbirda, shuningdek, bugungi kunda respublika bo‘ylab joriy etilayotgan xotin-qizlar balansini shakllantirish loyihasi muhokama qilindi. Qayd etilganidek, mazkur tizim har bir xotin-qizning ijtimoiy ahvoli, ehtiyojlari va muammolarini manzilli o‘rganish, ularni samarali qo‘llab-quvvatlash hamda davlat xizmatlarini aniq maqsadli tashkil etishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Yig‘ilish yakunida mahallalarda xotin-qizlar bilan ishlash sifati va samaradorligini oshirish, mutasaddi tashkilotlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash hamda belgilangan vazifalarni izchil amalga oshirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilab olindi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri