Mustaqillikka munosib tayyorgarlik
O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 35 yilligini munosib kutib olishga qaratilgan tayyorgarlik jarayonlari doirasida Jizzax viloyatining barcha hududlarida obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari izchil davom etmoqda. Ayniqsa, “Dolzarb 40 kunlik” hamda “Obodlik va mehr-saxovat” oyligi doirasida mahallalar qiyofasini yanada yaxshilash, yashash muhitini sog‘lom va fayzli qilishga qaratilgan keng qamrovli ishlar ustuvor ahamiyat kasb etmoqda.
Jizzax viloyati hokimi o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Gulnora Normurodova xizmat safari bilan Do‘stlik tumanida bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 35 yilligiga tayyorgarlik ishlarining borishini o‘rgandi. Safar davomida u “Dolzarb 40 kunlik” doirasida “Sanoatchilar” va “Mevazor” mahalla fuqarolar yig‘inlarida amalga oshirilayotgan obodonlashtirish hamda ko‘kalamzorlashtirish ishlari bilan tanishdi.


Hududlarda ko‘chalarni tartibga keltirish, atrof-muhitni ozoda saqlash, daraxt va manzarali ko‘chatlar ekish, mavjud yashil hududlarni parvarishlash, aholi uchun yanada qulay va fayzli muhit yaratishga qaratilgan ishlar tizimli tashkil etilgani e’tiborga loyiq. Bu kabi amaliy ishlar nafaqat mahallalarning tashqi qiyofasini yaxshilashga, balki ekologik barqarorlikni mustahkamlashga ham xizmat qilmoqda.
O‘rganishlar chog‘ida Gulnora Normurodova soha mutasaddilari bilan amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan fikr almashib, mahallalarni yanada obod qilish, ekologik muhitni yaxshilash hamda aholining bu jarayonlardagi ishtirokini kengaytirish bo‘yicha tegishli tavsiya va topshiriqlar berdi.


E’tiborli jihati shundaki, tumanda faqat mazkur ikki mahalladagina emas, balki boshqa mahalla fuqarolar yig‘inlarida ham obodonlashtirish ishlari yuqori sur’atda olib borilmoqda. Xususan, “Obodlik va mehr-sahovat” oyligi doirasida “Saritepa” mahalla fuqarolar yig‘inida ko‘chalar, xonadonlar atrofi, yo‘l yoqalari hamda jamoat joylarini tartibga keltirish va obodonlashtirish ishlari qizg‘in davom etmoqda. Bu jarayonlarga mahalla aholisining faol jalb etilayotgani hamjihatlik va birdamlik muhitini yanada mustahkamlab, mahallalarning fayzu tarovatini oshirishga xizmat qilmoqda.

Bugun amalga oshirilayotgan ezgu tashabbuslar zamirida faqat hududlarni obod qilish emas, balki aholi uchun sog‘lom, qulay va ko‘rkam yashash muhitini shakllantirishdek muhim maqsad mujassam. Shu ma’noda, “Dolzarb 40 kunlik” va “Obodlik va mehr-saxovat” oyligi doirasidagi sa’y-harakatlar O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 35 yilligini munosib kutib olish bilan birga, mahallalar taraqqiyoti va aholi farovonligini ta’minlashga xizmat qilayotgani bilan ahamiyatlidir.
A. Qayumov, J. Yorbekov (surat), O‘zA