Ona sutining o‘rnini hech narsa bosa olmaydi – JSST
Butunjahon ona suti bilan oziqlantirish haftaligi boshlandi
Inson hayotining ilk daqiqalaridanoq boshlanadigan tabiiy oziqlanish jarayoni har bir yangi dunyoga kelgan go‘dakning sog‘lom ulg‘ayishi, jismoniy va aqliy rivojlanishida hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Har yili avgust oyining birinchi haftasida an’anaviy tarzda nishonlanadigan Butunjahon ona suti bilan oziqlantirish haftaligi aynan ana shu ulug‘vor va hayotiy jarayonga jamiyat e’tiborini qaratish, qo‘llab-quvvatlovchi muhitni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Jahon sog‘liqni saqlash assambleyasi tomonidan 2018-yilda ushbu haftalikni sog‘liqni saqlash sohasini targ‘ib qilishning muhim chorasi sifatida tashkil etishni qo‘llab-quvvatlovchi maxsus rezolyutsiya qabul qilinganidan buyon mazkur sana global miqyosda keng nishonlanib kelmoqda. Bu kabi tashabbuslar dunyo miqyosida onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilish borasidagi global harakatlarning ajralmas qismiga aylangan.
Xalqaro miqyosda olib borilgan kuzatishlar va tibbiy tadqiqotlar shuni ko‘rsatmoqdaki, emizish bolalar salomatligini yaxshilash hamda go‘daklar o‘limining oldini olishning eng samarali va tabiiy usullaridan biridir. Biroq global statistika tashvishlanarli holatni ham yuzaga chiqarmoqda: zamonaviy dunyoda olti oylikkacha bo‘lgan chaqaloqlarning yarmidan kamrog‘igina faqat ona suti bilan oziqlantiriladi. Bu esa o‘z navbatida xalqaro hamjamiyatni, jumladan, tibbiyot va jamoat tashkilotlarini yanada faolroq harakat qilishga undaydi.
Mutaxassislarning fikricha, sun’iy oziq-ovqatlar va ona suti o‘rnini bosuvchi aralashmalarning keng targ‘ib qilinishi go‘dak salomatligiga jiddiy salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Bunday sun’iy mahsulotlar ko‘pincha bola o‘sishining sekinlashishiga, organizmda muhim mikroelementlar, vitaminlar va minerallar yetishmovchiligiga hamda bolaning turli yuqumli va surunkali kasalliklarga moyilligi oshib ketishiga olib keladi. Shu boisdan ham jahon miqyosida ona sutining o‘rnini hech narsa bosa olmasligini keng jamoatchilikka yetkazish muhim vazifa hisoblanadi.
Chaqaloq uchun tarkibida yuzdan ziyod shifobaxsh biologik faol moddalar va mikroelementlar jamlangan, immunoglobulinga boy ona sutidan ham ko‘ra mukammalroq hamda moslashuvchan ozuqa tabiatda umuman mavjud emas. U go‘dakni ilk kunlardanoq turli infeksiyalardan ishonchli himoya qiladi, uning tabiiy immunitetini mustahkamlaydi hamda kelgusidagi intellektual salohiyati va jismoniy takomillashuvini ta’minlashda asosiy poydevor vazifasini bajaradi.
Qolaversa, emizish jarayoni faqatgina chaqaloq uchun emas, balki onalar salomatligini yaxshilashda ham ulkan ahamiyatga ega bo‘lib, ayollar organizmidagi qator xavfli va og‘ir kasalliklarning erta oldini olishga katta hissa qo‘shadi.
Mamlakatimizda ham onalik va bolalikni muhofaza qilish, sog‘lom avlodni voyaga yetkazish davlat siyosatining doimiy va eng ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilangan. Bu borada mustahkam huquqiy baza yaratilgan bo‘lib, xususan, 2019-yil 23-oktabrda qabul qilingan “Ona suti bilan oziqlantirishni qo‘llab-quvvatlash hamda go‘daklar va kichik yoshdagi bolalar oziq-ovqat mahsulotlariga doir talablar to‘g‘risida”gi qonun mamlakatimizda ona suti o‘rnini bosuvchi mahsulotlarni reklama qilishni qat’iyan taqiqlab, muhim huquqiy qalqon bo‘lib xizmat qilmoqda.
Shu bilan birga, “O‘zbekiston — 2030” strategiyasida ham inson kapitalini rivojlantirish va sog‘liqni saqlash tizimini takomillashtirishga alohida e’tibor qaratilgan. Xususan, strategiyaga asosan, 2030-yilgacha olti oylikkacha bo‘lgan chaqaloqlarni istisnosiz ona suti bilan oziqlantirish darajasini 80 foizga yetkazish ulug‘vor va mas’uliyatli maqsad qilib qo‘yilgan.
O‘tgan yili Hukumat tomonidan tasdiqlangan Go‘dak va kichik yoshdagi bolalarni ona suti bilan oziqlantirishni qo‘llab-quvvatlash dasturi esa bu boradagi amaliy ishlarni yanada kengaytirib, yangi bosqichga ko‘tardi.
Xulosa o‘rnida aytganda, ona suti bilan oziqlantirishni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, aholi orasida targ‘ibot-tashviqot ishlarini kuchaytirish va buning uchun zarur muhitni yaratish kelajagimiz egalari bo‘lgan barkamol avlodning sog‘lom, baxtli va barkamol hayot kechirishining eng muhim hamda kafolatli garovidir.
Mohigul Qosimova, O‘zA