Xorijiy OAV: Toshkent investitsiya forumi O‘zbekistonning yangi iqtisodiy bosqichini namoyon etdi
V Toshkent xalqaro investitsiya forumi xorijiy ommaviy axborot vositalari e’tibor markazida bo‘ldi. Qator nufuzli nashrlar forumni O‘zbekistonning iqtisodiy islohotlari, investitsiyaviy jozibadorligi va mintaqaviy iqtisodiy markaz sifatidagi o‘rni mustahkamlanayotgani yorqin ifodasi sifatida baholadi.
Pokistonning APP nashri forumni yoritar ekan, Toshkent bugun Markaziy Osiyoda investitsiya va biznes muloqoti uchun muhim platformaga aylanganini ta’kidladi. Nashrga ko‘ra, forum nafaqat yirik sarmoyadorlar, balki davlat rahbarlari, xalqaro moliya institutlari va biznes doiralari uchun ham strategik ahamiyat kasb etmoqda. Muallif O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan iqtisodiy liberallashuv, xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash va infratuzilmaviy loyihalar mavzulariga alohida urg‘u berilgan.

Saudiya Arabistoni rasmiy axborot agentligi forumni xalqaro iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishga xizmat qiluvchi muhim maydon sifatida baholadi.
Qayd etilishicha, tadbirda energetika, sanoat, raqamli texnologiya va logistika kabi strategik yo‘nalishlardagi yangi imkoniyatlar tahlil qilingan. Shuningdek, O‘zbekistonning tashqi iqtisodiy aloqalarni diversifikatsiya qilishga qaratilgan siyosati xalqaro hamjamiyatda qiziqish uyg‘otayotgani qayd etilgan.

Qirg‘izistonning “Kabar” axborot agentligi esa forumni O‘zbekiston iqtisodiyotining “yangi bosqich”ga o‘tayotganini ko‘rsatuvchi muhim voqea deb atadi. Nashr tahlilida mamlakatda sarmoyaviy muhitni yaxshilash, davlat ishtirokini qisqartirish va xususiy kapital uchun qulay shart-sharoit yaratish bo‘yicha izchil choralar samara berayotgani ta’kidlangan.

Islom hamkorlik tashkiloti axborot agentliklari ittifoqi (UNA-OIC) materialida forumning islom olami davlatlari uchun ham muhim ahamiyatga egaligiga e’tibor qaratildi. Xususan, savdo, sanoat kooperatsiyasi va sarmoyaviy sheriklikni mustahkamlash borasida Toshkent forumi samarali muloqot platformasi ekani qayd etildi.

Qatarning nufuzli “Gulf Times” nashri ushbu arab davlati delegatsiyasining anjumandagi ishtirokiga urg‘u berib, O‘zbekiston va Qatar o‘rtasidagi investitsiyaviy hamkorlik izchil kengayib borayotganini yozdi. Nashrga ko‘ra, ikki mamlakat o‘rtasida energetika, moliya va infratuzilma sohalarida yangi qo‘shma loyihalar uchun keng imkoniyat mavjud.
D.Hakimov, O‘zA