Rossiya – Ukraina nizosi
Qrimda bosim kuchaymoqda. Ukraina zarbalari logistika zanjiriga qay darajada ta’sir qildi?
So‘nggi uch kun ichida Qrim yarim oroli Rossiya – Ukraina nizosidagi eng keskin nuqtaga aylandi. Ukraina tomonidan berilayotgan dron va uzoq masofaga mo‘ljallangan qurollar zarbasi tufayli hududda yonilg‘i ta’minoti, transport harakati va energetika tizimida jiddiy uzilish kuzatildi.
21-iyun kuni Qrim yarim oroli ma’muriyati rahbari Sergey Aksyonov mamlakatda benzin sotuvi to‘liq to‘xtaganini ma’lum qildi. Ya’ni, soat 09:00 dan boshlab barcha avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchalarida benzin erkin savdosi ham, talon orqali berilishi ham bekor qilingan. Yonilg‘i faqat hayotiy faoliyat va xavfsizlikni ta’minlovchi davlat xizmati uchun ajratilmoqda.

Bu qaror tasodifiy emas. May oxiridayoq Qrimda yonilg‘i taqchilligi boshlangan. Rossiya ta’minot zanjirining asosiy qismi bo‘lgan R-280 avtomobil yo‘li orqali kelayotgan tashuvchilar Ukraina zarbasiga uchragan. Natijada 6-iyundan Sevastopol shahrida benzin olish uchun QR-kod tizimi joriy etildi va bir kishiga haftasiga 20 litr chegara belgilandi.
Eng jiddiy hujum 20-21-iyun kechasi kuzatildi. Rossiya manbasiga ko‘ra, Qrim osmonida o‘nlab dron aniqlangan. Mixail Razvojayev ma’lum qilishicha, faqat Sevastopol atrofida 4 ta dron urib tushirilgan.

OSINT monitoring va mahalliy manbalar Kerch porti hududida neft saqlanadigan terminalda yirik yong‘in chiqqanini qayd etdi. Xususan, “TES-Terminal” nomli neft va suyultirilgan gaz saqlash majmuasi zarar ko‘rgan. Kerch savdo portidagi neft ombori ham yongan.
Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, yarim orolga qilingan hujum oqibatida 4 kishi halok bo‘lgan, 28 odam jarohatlangan. Bu Qrimda so‘nggi oylarda qayd etilgan eng yirik yo‘qotish.

Shuningdek, mintaqada transport logistikasi ham izdan chiqdi. Qrim ko‘prigida mashinalar harakati bir necha bor to‘xtatildi. Kerch parom qatnovi ham vaqtincha bekor qilindi. Krasnodar o‘lkasi shtabi og‘ir yuk avtomobiliga muqobil quruqlik yo‘nalishi hisoblangan Rostov – Mariupol – Melitopol yo‘nalishidan foydalanishni tavsiya qildi.
Energetika sohasida ham uzilish kuzatildi. “Krimenergo” ma’lumotiga ko‘ra, yarim orolning shimoli-g‘arbiy, markaziy va janubiy sohil energetika tumanlarida tok kelishi uzilgan. Alushta, Armyansk va Krasnoperekopskda ham elektr ta’minotida muammo yuzaga kelgan. Sevastopolda tarmoq ortiqcha yuklanishini kamaytirish uchun mobil gaz turbinali elektrostansiyaning 2 energiya majmuasi ishga tushirilgan.

RF Mudofaa vazirligi Ukraina zarbasini terror hujumi sifatida baholadi. Vazirlik bayonotiga ko‘ra, Rossiya armiyasi javob tariqasida Ukraina harbiy infratuzilmasi, dron yig‘ish sexi va yonilg‘i ob’ektlariga aniq zarbalar bergan.
D.Hakimov, O‘zA