AQSH–Eron muzokaralarida siljish kuzatilmoqda (+video)
Shveysariyada o‘tkazilayotgan AQSH va Eron o‘rtasidagi yuqori darajadagi muzokaralar kutilganidan uzoqroq davom etib, dushanbaga o‘tar kechasi yakunlandi. Vositachilik qilayotgan Qatar va Pokiston tomonlar o‘rtasida siljish kuzatilganini ma’lum qildi, deb xabar qildi VVS nashri.
Qatar va Pokistonning qo‘shma bayonotida ta’kidlanishicha, muzokaralarda ishtirok etgan qo‘mita 60 kun ichida yakuniy tinchlik kelishuviga erishish uchun maxsus «yo‘l xaritasi»ni tasdiqlagan. Shuningdek, bu hafta texnik darajadagi muzokaralar ham davom ettiriladi.
AQSH delegatsiyasi tarkibida vitse-prezident Jey Di Vens, prezident Donald Trampning maxsus vakillari Stiv Uitkoff hamda Jared Kushner ishtirok etdi. Eron tomonidan parlament raisi Muhammad Bag‘ir G‘olibof va tashqi ishlar vaziri Abbos Arag‘chiy qatnashdi.
Muzokaralar Livandagi vaziyat keskinlashgan bir paytda o‘tmoqda. Tehron Isroilning Livandagi zarbalarini AQSH va Eron rahbarlari o‘rtasida imzolangan o‘zaro anglashuv memorandumini buzish deb baholamoqda.
Donald Tramp Eronni Livandagi ittifoqchi kuchlariga ta’sir o‘tkazib, tartibsizliklarni to‘xtatishga chaqirdi. U aks holda Eronga qarshi yanada qattiq zarba berilishi mumkinligini ta’kidladi.
Bunga javoban Eron parlamenti raisi Muhammad Bag‘ir G‘olibof Vashingtonning tahdidlarini rad etib, ularning Eron siyosatiga ta’sir qilmasligini bildirdi.
Muzokaralar boshlanishidan oldin Jey Di Vens yadroviy dastur va Livanda o‘t ochishni to‘xtatish masalalarida sezilarli natijalarga erishish mumkinligiga umid bildirgan edi. Uning aytishicha, asosiy maqsad — mintaqada barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlash.
Ayni paytda Livanda ham vaziyat murakkabligicha qolmoqda. Isroil va «Hizbulloh» o‘rtasida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishilganiga qaramay, shanba kuni yana o‘zaro hujumlar qayd etildi. Har ikki tomon kelishuvga sodiqligini bildirgan bo‘lsa-da, zarurat tug‘ilganda javob qaytarish huquqini saqlab qolishini ta’kidlamoqda.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/EcH5Mt5csTk" title="AQSh–Eron muzokaralarida siljish kuzatilmoqda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Kenja Bekjonov, Anvarxo‘ja Ahmedov, O‘zA