Xorijda ishlash uchun bilim va tajriba lozim
Prezidentimiz Qashqadaryo viloyatiga tashrifi chog‘ida, xorijda ishlash – faqat oylik maosh emas, bu zamonaviy kasblarni o‘zlashtirish, ilg‘or texnologiyalar bilan ishlash, yangi mehnat madaniyatini o‘rganish va xalqaro tajriba orttirish imkoniyati ekanligini alohida ta’kidladi.
Darhaqiqat, yurtimizda mehnat bozorining samarali mexanizmlarini joriy qilish, aholining ishchanlik faolligini oshirish, kambag‘al va ishsiz fuqarolarni zamonaviy kasb-hunarlarga hamda tadbirkorlikka o‘qitish, qonuniy tartibda xorijga, yuqori daromadli ishlarga yuborish, shu asosda, ularni doimiy daromad keltiradigan mehnat va tadbirkorlik faoliyatiga jalb etish, bandligini ta’minlashga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu borada Andijon viloyatida ham e’tiborga molik ishlar olib borilmoqda.
Yil boshida Andijon viloyatidagi mahallalarda o‘tkazilgan xatlov, o‘rganishlar, fuqarolar, yoshlar bilan muloqotlar jarayonida ishsiz, lekin kasb-hunar o‘rganishga, shuningdek, xorijda ishlash istagini bildirgan fuqarolarning ro‘yxati shakllantirildi. Unga ko‘ra, 10 ming 125 nafar fuqaro xorijda ishlash istagini bildirgan.

Xorijda ishlash istagidagi fuqarolarga kasb-hunar o‘rgatish, ularni kasbga qayta tayyorlash, ayniqsa, xorijiy tillarga o‘qitish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Bu borada viloyatda, xususan, Andijon shahrida Aholini kasb-hunarga o‘qitish hamda Bog‘ishamol dahasida joylashgan “Qurilish sohasida malakali mutaxassislarni tayyorlash” markazlarida ichki va tashqi mehnat bozori uchun yuqori kasbiy malakaga ega mutaxassislarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish bo‘yicha zarur ishlar olib borildi.
Markazlarda mahallalar migratsiya agentligi hududiy bo‘limi bilan hamkorlikda fuqarolarning qonuniy tartiblar asosida xorijga ishga borishi, xorijiy tillarni o‘rgatish bo‘yicha zarur ishlar tashkil etildi. Jumladan, “Qurilish sohasida malakali mutaxassislarni tayyorlash markazi”da elektrokara haydovchisi, maxsus texnika va elektromontaj mutaxassislari tayyorlash bo‘yicha 3-6 oylik o‘quv kurslari tashkil etildi. Andijon Jamoat salomatligi texnikumi negizida tibbiyot xodimlarini xorijiy tillar va kasbiy yo‘nalishlar bo‘yicha qayta tayyorlash maqsadida “Germaniya tibbiyot akademiyasi”, “Globogate” loyihasi hamda “Berlin Zentrum” o‘quv markazi bilan hamkorlikda ta’lim dasturlari yo‘lga qo‘yildi.
Ayni kunda 500 nafarga yaqin fuqarolar markazlarning o‘quv kurslarida tahsil olmoqda.
Amalga oshirilgan ana shu ishlar natijasida har yili Slovakiyada 500 nafargacha, Germaniyada 2 ming nafargacha, Yaponiyada 500 nafargacha hamda Saudiya Arabistonida 200 nafargacha fuqaroning yuqori ish haqi to‘lanadigan, qonuniy va munosib ish o‘rinlariga joylashtirish imkoniyatlari yaratildi.

Bundan tashqari, viloyatda nemis, yapon, koreys, ingliz tillarini o‘qitishga ixtisoslashgan 5 ta o‘quv markazi faoliyati ham yo‘lga qo‘yilib, samarali ish olib bormoqda.
Joriy yilning o‘tgan davri mobaynida Migratsiya agentligi viloyat filiali tashabbusi bilan qator tashkilotlar hamkorligida Andijon shahri va qator tumanlarda “Xorijda ish” mehnat yarmarkalari o‘tkazildi.

Amalga oshirilgan ishlar natijasida minglab fuqarolar boshqa qator davlatlarga yuqori haq to‘lanadigan ishlarga yuborildi.
Faxriddin Ubaydullayev,
O‘zA muxbiri.