Yuridik institutda “Adliya kitobxonlari” tanlovi: Maqsad – mutolaa
Jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish va qonun ustuvorligini ta’minlash, eng avvalo, soha mutaxassislarining intellektual salohiyati va ma’naviy dunyoqarashiga bog‘liq. Shu bois, yuridik kadrlarning bilim va malakasini oshirish bilan bir qatorda, ular o‘rtasida kitobxonlik muhitini shakllantirish muhim ahamiyat kasb etadi.
Shu munosabat bilan Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish institutida xodimlar o‘rtasida “Adliya kitobxonlari” tanlovi o‘tkazildi.
Kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, mustaqil va tahliliy fikrlash hamda notiqlik ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan mazkur tanlovda ishtirokchilar o‘zlari mutolaa qilgan asarlar yuzasidan taqdimot-taqrizlarini namoyish etdi.
Taqdimotlarda asarlarning asosiy g‘oyasi, ulardan olingan hayotiy saboqlar, kasbiy va shaxsiy rivojlanishdagi ahamiyati yoritildi. Ishtirokchilar adabiy qahramonlarning taqdiri va tanlovlariga munosabat bildirib, shaxsiy xulosalarini ijodiy yondashuv asosida ifoda etdi.

Xususan, ishtirokchilar bir nechta shartlar bo‘yicha, jumladan, o‘zbek va jahon adabiyoti durdonalari haqidagi bilimlari hamda asarlarning mazmun-mohiyatini ochib berish bo‘yicha o‘zaro bellashdi.
Tanlov yakunida ishtirokchilar taqdirlanib, ularning kitobxonlikka bo‘lgan qiziqishi, faolligi va ijodiy izlanishlari e’tirof etildi.
Qayd etilganidek, mazkur tadbir hamkasblar o‘rtasida kitob haqidagi fikrlarni baham ko‘rish, yangi asarlar bilan tanishish va mutolaaga qiziqishni yanada oshirishga xizmat qildi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA