Bilimli va iqtidorli yoshlar saralandi
Sirdaryo viloyatida o‘tkazilgan «Jadidlar izidan» tanlovi yoshlarning jadidlar merosiga bo‘lgan qiziqishi va bilim salohiyatini namoyon etdi. Milliy o‘zlikni anglash, tarixiy xotirani asrash va ma’naviy qadriyatlarga hurmatni kuchaytirishga qaratilgan bellashuvda ishtirok etish uchun 30 ming nafarga yaqin o‘quvchi qiziqish bildirdi. Ularning 1,5 ming nafardan ziyodi tuman va shahar bosqichlarida qatnashdi. Saralash natijalariga ko‘ra, 22 nafar o‘quvchi o‘z yosh toifasi bo‘yicha keyingi bosqichga yo‘llanma oldi.
Xalqni ilm-ma’rifatli qilish, ta’limni isloh etish va milliy tafakkurni yuksaltirish yo‘lida fidoyilik ko‘rsatgan jadid bobolarimiz merosi bugun ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan. Mahmudxo‘ja Behbudiy, Abdulla Avloniy, Munavvarqori Abdurashidxonov, Abdurauf Fitrat, Abdulla Qodiriy va Cho‘lpon kabi ma’rifatparvarlarning hayoti va faoliyatini o‘rganish yosh avlodning tarixiy xotirasini boyitish, milliy o‘zligini anglashi va ma’naviy kamol topishida muhim o‘rin tutadi.
2024-yildan buyon o‘tkazib kelinayotgan «Jadidlar izidan» tanlovi o‘quvchilarning jadidlar merosi haqidagi bilimlarini sinash, ularni mustaqil fikrlashga va ijodiy izlanishga undashni maqsad qilgan. Guliston shahridagi bellashuvda saralangan 157 nafar o‘quvchi jadidlar hayoti va ijodiga oid bilimlarini namoyon etdi.
Tanlov 6–8-sinf hamda 9–10-sinf o‘quvchilari o‘rtasida alohida yo‘nalishlarda o‘tkazildi. Ishtirokchilar test savollariga javob berish va og‘zaki savol-javoblarda qatnashish orqali o‘z bilimlarini sinovdan o‘tkazishdi. Keyingi bosqichlarda esa boshqotirmalarni yechish, adabiy asarlarni tahlil qilish va insho yozish kabi shartlar orqali ularning bilim darajasi, tahliliy fikrlashi va ijodiy salohiyati baholanadi.
Guliston shahri bosqichi natijalariga ko‘ra, 9–10-sinf o‘quvchilari o‘rtasida 16-maktabning 10-sinf o‘quvchisi Abduvohid Abdusoatov birinchi, 12-maktabning 10-sinf o‘quvchisi Ozodbek O‘rolov ikkinchi, 15-maktabning 10-sinf o‘quvchisi Nargiza Abdujalilova uchinchi o‘rinni egalladi.
6–8-sinf o‘quvchilari o‘rtasida esa 3-maktabning 8-sinf o‘quvchisi Umid Adhamjonov birinchi, shu maktabning 7-sinf o‘quvchisi Laziza Zokirova ikkinchi, 4-maktabning 7-sinf o‘quvchisi Madina Ne’matova uchinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi.
Tanlovning ahamiyati g‘oliblarni aniqlash bilangina cheklanmaydi. U yoshlarni ajdodlar merosini chuqur o‘rganishga, tarixdan saboq chiqarishga, mustaqil fikrlashga va ma’rifatparvarlik g‘oyalarini anglashga undaydi.
Yuqori natijalarni qayd etgan o‘quvchilar viloyat bosqichida, ushbu bosqich g‘oliblari esa respublika bosqichida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritadi.
G‘ulom Primov,
Umid Obidjonov (surat) O‘zA