"Yoshlar parlamenti" a’zolari uchun yangi imkoniyatlar taklif etildi
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi "Yoshlar parlamenti" a’zolari ishtirokida uchrashuv tashkil etildi.
Unda yoshlarning siyosiy faolligini oshirish, intellektual salohiyatini rivojlantirish hamda istiqbolli tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash masalalari muhokama qilindi. Tadbir avvalida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, yoshlar uchun yaratilayotgan shart-sharoitlar va yurtimiz taraqqiyoti yo‘lida olib borilayotgan ishlar aks etgan videorolik namoyish etildi.

Uchrashuvda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Otabek Hasanov, "Yoshlar parlamenti" raisi Otabek Sobitov hamda "Ma’rifat" targ‘ibotchilar jamiyati raisi Baxtiyor Husanov so‘zga chiqib, yoshlarning jamiyat va davlat boshqaruvidagi o‘rni, ularning tashabbuslarini ro‘yobga chiqarish hamda bilim va salohiyatini yuzaga chiqarishning ahamiyatiga to‘xtaldi.

Otabek Hasanov o‘z nutqida siyosiy faoliyat katta mas’uliyat, qat’iyat va fidoyilikni talab etishini ta’kidlab, bu yo‘lni tanlagan yoshlarni o‘z maqsadlari sari izchil intilishga chaqirdi.
Muloqot davomida yoshlarning bilim olishi, o‘z loyihalarini amalga oshirishi va ma’naviy-ma’rifiy faoliyatda yanada faol ishtirok etishi uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratishga qaratilgan qator takliflar ilgari surildi.

Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi binosida "Yoshlar parlamenti" kutubxonasini tashkil etish, yoshlar loyihalarini qo‘llab-quvvatlash uchun 50 million so‘mlik grant ajratish hamda faol yoshlarni "Ma’rifat" targ‘ibotchilar jamiyati safiga jalb etish masalalari ko‘tarildi.
Shuningdek, "Yoshlar parlamenti" vakillari yoshlar manfaatlarini himoya qilish, ular bilan tizimli ishlash, yangi tashabbuslarni ilgari surish va istiqbolli loyihalarni hayotga tatbiq etish borasidagi faoliyatlari haqida ma’lumot berdi.
Uchrashuv yakunida "Yoshlar parlamenti"ning yetti nafar vakili "Ma’rifat" targ‘ibotchilar jamiyati a’zoligiga qabul qilindi.
Mazkur muloqot yoshlarning siyosiy-huquqiy bilimlarini mustahkamlash, ma’naviy salohiyatini yuksaltirish va ularning jamiyat hayotidagi ishtirokini kengaytirishga qaratilgan yangi tashabbuslarni ilgari surish uchun muhim maydon bo‘ldi.
Hamroz Bayonov,
O‘zA