Xorazmda oliy xoreografiya ta’limi yangi bosqichga ko‘tarilmoqda
O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasi Urganch filialining yangi binosi foydalanishga topshirildi.
Xorazm vohasi azaldan o‘zining boy madaniy merosi, betakror san’ati va jozibador raqslari bilan dunyoga tanilgan. Inson ruhiyatini junbushga keltiradigan Xorazm raqs maktabi an’analarini munosib davom ettirish, yosh iste’dod egalarini zamonaviy talablar asosida tarbiyalash maqsadida tizimli islohotlar amalga oshirilmoqda.

Yangi binoning foydalanishga topshirilishi munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirda viloyat hokimi Jo‘rabek Rahimov, O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Nodirbek Sayfullayev, madaniyat va san’at sohasi vakillari, filial o‘qituvchi va talabalari ishtirok etdilar.

Xoreografiya akademiyasi filialining yangi binosi 200 nafar talabaga mo‘ljallangan bo‘lib, o‘zining 70 o‘rinli yotoqxonasiga ham ega. Talabalarning kasbiy mahoratini oshirish uchun 7 ta maxsus raqs xonasi mavjud. 160 o‘rinli zal turli madaniy-ma’rifiy tadbirlar, ko‘rik- tanlovlar, ijodiy uchrashuvlarni yuqori saviyada o‘tkazish imkonini beradi.

Yetarlicha infratuzilmaga ega bo‘lgan ushbu muhtasham bino talabalarning sifatli ta’lim olishi va mahorat oshirishi uchun barcha zarur vosita bilan jihozlangan.

Yangi o‘quv binosining foydalanishga topshirilishi nafaqat akademiya jamoasi va talabalari, balki viloyatdagi madaniyat va san’at ahli uchun haqiqiy bayramga aylandi.

Tantanali tadbir yakunida akademiya ijodiy jamoasi va talabalari tomonidan tayyorlangan badiiy dastur namoyish etilib, yig‘ilganlarga xush kayfiyat va unutilmas taassurotlar bag‘ishladi.
Ahmadjon Shokirov,
O‘zA muxbiri