Kelajak pianinochisi: mahoratdan sahnaga qadar
Dunyoda shunday musiqiy asarlar borki, ular insonni bir lahzaga to‘xtab, mushohada qilishga undaydi, iliq xotiralarni uyg‘otadi, ba’zida esa hatto ichki dunyosini ham o‘zgartiradi. Fortepiano sadosi ana shunday qudratga ega.
Fortepiano san’atini rivojlantirish faqat professional ijrochilar tayyorlash vazifasi bilan bog‘liq emas. Bu – iste’dodni o‘z vaqtida payqash, uni qo‘llab-quvvatlash va, eng muhimi, uning haqiqiy san’at ustasi bo‘lib kamol topishi uchun zarur muhitni yaratish demakdir.
Bugun O‘zbekistonda ijodiy birlashmalar yosh ijodkorlarga ana shunday imkoniyatlarni taqdim etishga xizmat qilmoqda. Ularning rivojlanishi ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash, kasbiy yuksalishga ko‘maklashish va yangi iste’dodlarni kashf etishga qaratilgan madaniyat va san’at sohasidagi davlat siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biriga aylanib bormoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 2-iyundagi “Madaniyat, san’at va adabiyot sohalarini yanada rivojlantirish bo‘yicha keng ko‘lamli chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni ham shu maqsadlarning amaliy ifodasidir. Hujjatga ko‘ra, professional san’at va yosh ijrochilarni tizimli qo‘llab-quvvatlash, ijodiy faoliyat sifatini oshirish, madaniyat xodimlarining xalqaro tanlov va loyihalardagi ishtirokini kengaytirish, ularning kasbiy rivojlanishi va ijodiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish ijodiy birlashmalarning asosiy vazifalari etib belgilangan.
Bir qarashda bu vazifalar rasmiy tushunchalardek tuyulishi mumkin. Aslida ularning zamirida oddiy, ammo muhim bir haqiqat yotadi: iste’dodning o‘zi yetarli emas. Yosh pianinochiga o‘z qobiliyatini namoyon etish uchun sahna kerak. Uning xatolarini ko‘rsatadigan, zarur paytda maslahati va nasihati bilan yo‘l-yo‘riq ko‘rsatib turadigan tajribali ustozlar kerak. Eng muhimi, ijodkor yolg‘iz emasligini, katta musiqiy olamning bir qismi ekanligini his qilishi kerak.
– Ijodiy birlashmaning faoliyati konsertlar o‘tkazish bilangina cheklanib qolmasligi kerak, – deydi O‘zbekiston davlat konservatoriyasining ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori, ijodiy birlashma raisi, professor, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist Sayyora G‘afurova. – Ijrochi ilk professional qadamlaridan tortib, yirik milliy va xalqaro loyihalarda ishtirok etishgacha bo‘lgan yo‘lni qamrab olgan yaxlit tizimni yo‘lga qo‘yish zarur. Bu tizimda ta’lim, konsert amaliyoti, ustozlik, zamonaviy mediaresurslar, xalqaro hamkorlik va jonli muloqot muhim ahamiyat kasb etadi. Zero, musiqa faqat notalar va mashg‘ulotlar orqali rivojlanmaydi. U avlodlar uchrashuvida, bir ijodkor boshqa san’atkorning ijod asarlarini ko‘rishi va eshitishi, tajriba almashishi va yangi g‘oyalarning tug‘ilishi jarayonida ham takomillashadi.

Ana shu yondashuv “Kelajak pianinochisi: mahoratdan sahnaga qadar” loyihasining mazmunida ham o‘z ifodasini topdi. Loyihani amalga oshirishda ijodiy birlashmaning hamkorlari ko‘magi muhim o‘rin tutdi. Asosiy homiylardan biri O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki bo‘lib, u professional san’atni rivojlantirish va yosh iste’dodlar uchun yangi imkoniyatlar yaratishga qaratilgan tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. Bunday hamkorlikning ahamiyati shundaki, u ta’limni konsert amaliyoti, ijodiy muloqot va ustozlik bilan uyg‘un tarzda birlashtirish imkonini beradi.
Aynan “O‘zmilliybank” AJ ko‘magida 2026-yil 17-avgust kuni Chorvoqdagi “Chorvoq Darvozasi” majmuasida “Kelajak pianinochisi: mahoratdan sahnaga qadar” loyihasi o‘tkazildi. Unda bolalar musiqa maktablari o‘quvchilaridan tortib, o‘qish, konsert faoliyati va tanlovlarda yuqori natijalarga erishgan musiqa kollejlari hamda konservatoriya talabalarigacha – fortepiano sinflarida tahsil olayotgan turli yoshdagi ijrochilar ishtirok etdi.
Ro‘yxatdan o‘tish va audiobrifingdan so‘ng tadbirning asosiy qismi – taniqli pianinochi, bastakor va musiqiy prodyuser Marat Maqsudiyning “Katta sahna sari” interaktiv mahorat darsi bo‘lib o‘tdi. Unda yosh bastkorlar o‘z ijodi haqida haqqoniy fikr-mulohaza olish, unga chetdan nazar tashlash imkoniyatiga ega bo‘ldi. Taniqli bastakor o‘z musiqiy asarlaridan parchalar ijro etganidan so‘ng, yosh ishtirokchilar o‘z dasturlarini namoyish etdi.

Marat Maqsudiy turli yillarda Penson Studio loyihalarining musiqiy direktori bo‘lgan, kino va hujjatli loyihalar uchun musiqa yaratgan. Ijod namunalari orasida o‘zbek sahna raqsi tarixi va rivojlanishiga bag‘ishlangan “O‘zbek raqsi afsonalari” loyihasi uchun yaratilgan asarlar ham bor. 2023-yilda bastakorning to‘qqizta kompozitsiyani o‘z ichiga olgan “Simple Lullabies” — “Oddiy allalar” nomli mualliflik fortepiano albomi dunyoga keldi. Uning so‘zlariga ko‘ra, albom yaratilishiga bastakorning bolalik xotiralari va farzandining tug‘ilishi bilan bog‘liq ichki kechinmalari turtki bo‘lgan. Uning diskografiyasidan “Parallel Stories (Live at Yamaha Music Tashkent)” va “Music for Sami” albomlari ham o‘rin olgan.
Ikki soatlik mahorat darsidan so‘ng ishtirokchilar tushlik qilib, kunni mutlaqo boshqacha kayfiyatda davom ettirdi. “Musiqiy Zakovat” dasturi musiqa, ijod va o‘yinni birlashtirdi. Ishtirokchilar musiqiy topishmoqlarni yechdi, bastakorlar haqidagi bilimlarini charxladi. “Krokodil” o‘yinida esa bolalar musiqiy qobiliyatlaridan tashqari, artistlik mahoratini ham namoyish etidi. Bunday erkin muhit ishtirokchilarga bir-biri bilan yaqinroq tanishish, o‘zini bir jamoaning muhim qismi sifatida his qilish imkonini berdi.

Kech tushgach, ishtirokchilar biroz hordiq chiqarib, oqshom konsertga tayyorgarlik ko‘rishni boshladi. Yosh pianinochilar o‘z dasturlarini yana bir bor takrorlab, sahnaga chiqishga hozirlandilar. Bir necha daqiqalik chiqish ortida qancha mehnat yotganini har bir musiqachi yaxshi biladi: gammalar, etyudlar, mashg‘ulotlar, bedor kechalar... Va nihoyat, o‘sha onlar keladi. Musiqachi yillar davomida tayyorlagan asarini tinglovchiga taqdim etadi.
“Mahoratdan sahnaga qadar” konsert dasturi sermazmun kunning mantiqiy yakuniga aylandi. Konsert ishtirokchilarni taqdirlash marosimi bilan nihoyasiga yetdi.
Maydondagi ijodiy muhit tadbirga o‘zgacha shukuh bag‘ishladi. Odatda konsert zali ichida eshitiladigan fortepiano sadosi bu safar ochiq osmon uzra baralla yangradi.
Ana shu lahzalarda loyihaning nomi chuqur ramziy ma’noga ega ekanligini anglaysan. Zero, mahoratdan sahnaga qadar bu bir qadam emas, balki sabr, intizom va o‘z ustida tinimsiz ishlashni talab qiladigan uzun va mashaqqatli yo‘ldir. Albatta, bu yo‘lda insonni muvaffaqiyatlar ham, mag‘lubiyatlar ham kutadi, uning halovati yo‘qoladi, xato va qayta urinishlar bo‘ladi. Ammo bu sinovlardan o‘tgan ijodkor, albatta, yetuk san’atkorga aylantadi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar sertifikatlar, amaliy tavsiyalar va, eng muhimi, yangi tajribaga ega bo‘ldi.
Ishtirokchilarning fikr-mulohazalari esa loyihaning eng muhim natijasi sertifikat yoki moddiy rag‘batda emas, balki yosh ijodkorlarning qalbida uyg‘ongan ishtiyoq va tezroq ijodga qaytish istagida bo‘lganini ko‘rsatdi.
“Bolamning ko‘zlari yonib, qalbi quvonchga to‘ldi”, – dedi ayrim ota-onalar. Boshqalar esa kun qiziqarli va mazmunli o‘tganini, keyingi mashg‘ulotlar uchun turtki bo‘lganini ta’kidladilar. Tadbir har tomonlama puxta o‘ylangani ham alohida e’tirof etildi.
Aslida, bunday iliq taassurotlar har qanday rasmiy hisobotdan ko‘ra ko‘proq narsani anglatadi. Zero, bunday tashabbuslarning haqiqiy samarasini faqat ishtirokchilar soni, o‘tkazilgan mahorat darslari yoki sahnaga chiqqan ijrochilar bilan o‘lchab bo‘lmaydi. San’atda eng muhim natijalar ko‘pincha ko‘zga ko‘rinmaydi. Ular insonning qalbida sodir bo‘ladi: kuchli ishtiyoq, ko‘proq mashq qilish istagi, asarni boshqacha eshitishga urinish, yuksak marralarga intilish.
Shu ma’noda, “Kelajak pianinochisi: mahoratdan sahnaga qadar” loyihasi shunchaki mahorat darsi yoki konsert emas. U yosh ijrochining ta’limdan sahnaga, birinchi qadamdan katta maqsadlar sari harakatini birlashtirgan zamonaviy musiqiy ma’rifat maydoniga aylandi. “O‘zmilliybank” AJning bunday loyihalarni qo‘llab-quvvatlashi alohida ahamiyat kasb etib, madaniyat va san’atni rivojlantirish faqat bir tashkilot yoki bir sohaning vazifasi emas, balki davlat, ijodkorlar, ta’lim muassasalari va ijtimoiy mas’uliyatli biznesning mushtarak sa’y-harakatini talab qiladigan umumiy vazifa ekanligini ko‘rsatadi.
Sabina Gimadiyeva,
O‘zbekiston davlat konservatoriyasi
2-bosqich magistratura talabasi.
“O‘zmilliybank” AJ Matbuot xizmati ko‘magida tayyorlandi