O‘ktam Mirzayor: “Jamiyat rivojida tahliliy janrlarning o‘rni”
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi homiyligida yangi kitob
Taniqli jurnalist, yozuvchi, shoir va tarjimon O‘ktam Mirzayorning “Jamiyat rivojida tahliliy janrlarning o‘rni” nomli kitobi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi homiyligida nashrdan chiqdi.
– Jurnalistika – rang-barang fikrlar va qarashlardan iborat soha. U davr yo‘nalishlarini kashf etadi, shakllantiradi, baho beradi va hayotda mazmun bag‘ishlaydi. Jurnalistika ommani ezgu maqsadlar, oliyjanoblik, fidoyilik, vatanparvarlik sari yetaklaydi, deb yozadi muallif kitob debochasida. – Yana davom etib, ushbu uslubiy qo‘llanmani ishlab chiqish xayoli ancha vaqtdan buyon fikr-u zikrimni band etib kelayotgan edi. O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisining o‘rinbosari sifatida faoliyat yuritgan davrimda uyushma qoshida “Yosh jurnalistlar klubi”ni tashkil etganimiz va endilikda bu g‘oyalarni amaliyotga kiritish istagi kaminaga turtki berdi, deydi.
Mazkur to‘plam jurnalistika sohasida qariyb ellik yillik tajribaga ega, mamlakatimizdagi turli ommavviy axborot vositalarida faoliyat yuritgan, pedagog ijodkorning bo‘lajak hamkasblarni o‘ylab savobli ishga qo‘l urgani, ayniqsa, e’tiborli.
O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi raisi o‘rinbosari, taniqli shoira Farida Afro‘z kitob boshida keltirilgan so‘zboshida shunday deydi: “Qo‘liga endigina qalam tutgan jurnalistlar ijtimoiy hayotning baland-pastini anglash, qanday yozish, nimani yozish haqidagi tasavvurlarini birdaniga shakllantira olmaydi, odatda. Buning uchun ustozlar qo‘llovi va yo‘llovi zarur”.
O‘ktam Mirzayorning ushbu qo‘llanmasi bo‘lajak jurnalistlar va shu sohada faoliyat olib borayotgan mutaxassislar uchun o‘ziga xos dastur, qo‘llovligi bilan ajralib turadi.
Ma’lumki, jurnalistika – ijtimoiy soha, unda siyosat ham, barcha yo‘nalishdagi soha sir-asrorlari ham bir maqsadga – xalqimiz dunyoqarashini yanada ko‘tarish, ma’nan boy, fikran teranlashtirib, ularning bor imkoniyatini Vatan taraqqiyotiga safarbar etishga undash kabi ezgu niyatga qaratilgan.
O‘ktam Mirzayorning “Jamiyat rivojida tahliliy janrlarning o‘rni” qo‘llanmasi bugungi yosh ijodkorlar bilishi, o‘rganishi lozim bo‘lgan ko‘p jihatlarni o‘ziga qamrab olgani bilan ahamiyatlidir.
A.Narzulloyev, O‘zA