“Xorazm xonlari milliy taomlari” taomlar sayli
Xiva shahridagi “Arda Xiva” turizm majmuasida II xalqaro “Xorazm xonlari milliy taomlari” gastronomik festivali yakunlandi.
Ikkinchi marotaba o‘tkazilgan va ikki kun davom etgan mazkur festival xorijlik va mahalliy mehmonlarga Xorazm milliy taomlari, jumladan, o‘tmishda xonlarning saroy oshxonasida tayyorlangan noyob taomlari haqida ma’lumot olish, ularning tayyorlanish jarayonlarini kuzatish va tatib ko‘rish imkonini berdi.
– Yurtimizga kelayotgan mehmonlar mahobatli, tarixiy yodgorliklardan, o‘zbek xalqining ko‘p asrlik an’analaridan, aholining ochiqko‘ngil, mehmondo‘stligidan va albatta, betakror milliy oshxonamizning totli taomlaridan ham zavq olishadi, – deydi Xorazm viloyati hokimi o‘rinbosari Botir Saidov. – Mazkur festival esa Xorazm milliy oshxonasining o‘ziga xos jihatlarini keng targ‘ib etish, milliy taomlarni asrab-avaylash va ularni xalqaro miqyosda ommalashtirish nuqtai nazaridan ham ahamiyatlidir.
Tadbirda Xorazmning ko‘p asrlik oshpazlik an’analari, milliy taomlarni tayyorlash mahorati va hududga xos betakror ta’mlar keng namoyish etildi. Xususan, Xorazmcha gumma, qapshirma, ijjon, tuxumbarak, shivit oshi, ko‘k barak, qovoq barak, Xorazm palovi singari milliy taomlar festival mehmonlarida katta qiziqish uyg‘otdi.
Festival doirasidagi taom tayyorlash jarayonlarida ishtirokchilar uchun degustatsiya ya’ni tatib ko‘rish imkoniyati ham yaratildi.
– Ikki kun bo‘ldi, o‘zbek oshxonasidan lazzatlanyapmiz, – deydi turkiyalik sayyoh Mehmet Nasuhi Samli. – Go‘zal damlar bu. Ikki millat qardoshmiz, do‘stmiz. Bu hamjihatlikni Xorazmda yozilgan dasturxonda ham ko‘ryapman.
– Xivaga bo‘lgan bu galgi sayohatimiz boshqacha bo‘ldi, – deydi Shveysariyadan kelgan sayyoh Doris Forlin. – Festival haqida oldin eshitmaganmiz. Tasodifni qarangki, juda ajoyib gastronomik festivalga duch keldik. Menga va turmush o‘rtog‘imga o‘zbek taomlari juda yoqdi. Bu yerdagi mevalar, go‘sht va baliq mahsulotlarining ta’mini dunyoning boshqa joylaridan topolmaysiz. O‘zbeklar bizni rosa mehmon qilishdi. Bundan juda minnatdor va xursandmiz.
Festival doirasida tashkil etilgan pavilonlarda nafaqat milliy, balki boshqa millatlarning ham taomlari tayyorlandi. Oshpazlik, “Karving” san’ati bo‘yicha mahorat darslari va turli madaniy tadbirlar tashkil etildi.
Har bir oshpazning mahorati va taomlarning turlicha ta’mlari xalqaro toifadagi hakamlar hay’ati tomonidan baholab borildi.
– Festivalga nafaqat xorazmlik, balki boshqa viloyatlardan, hatto xorijdan ham eng mashhur oshpazlarni taklif qilganmiz, – deydi O‘zbekiston oshpazlar uyushmasi bosh texnologi, festival bosh hakami Tolibjon Umaraliyev. – Oshpazlar ikki kun davomida bellashdi. Ular birinchi kun tayyorlagan taomlarini ikkinchi kun takrorlamaydi. Biroq, ushbu taomlar aynan Xorazm xonlari milliy taomlari bo‘lishi shart. Shuningdek, musobaqa shartlaridan tashqari o‘zlari ham erkin tarzda eng mazali taomlar va pishiriqlarni ishtirokchilarga taqdim etishlari mumkin. Bu ham festivalning eng go‘zal va shirin jihatlaridan biridir.
Ikki kun davom etgan turli yo‘nalishlar bo‘yicha bellashuvlarning natijalariga ko‘ra g‘oliblar e’lon qilindi.
Birinchi o‘rinni Urganch shahridagi “Saltanat”, “Gavhar” restoranlari va Surxondaryo viloyati oshpazlar jamoasi qo‘lga kiritdi.
Ikkinchi o‘rin Xiva shahridagi “Mirzaboshi” restorani, “Farovon” mehmonxonasi jamoalari va Xorazm oshpazlar akademiyasi vakillari Muxlisa Rajabova hamda Sarabibi O‘razmetovaga nasib etdi.
Uchinchi o‘ringa Xorazmning “Ildiz milliy taomlari”, “Olimp”, “Ayvon” restoranlari, “Merkure” mehmonxonasi hamda Navoiy viloyati oshpazlari jamoalari loyiq ko‘rildi.
– Keyingi yillarda viloyatimizga kelayotgan sayyohlar soni tobora ortib bormoqda, – deydi oshpaz Guli Muxtorova. – Xususan, bizning restoranimizga ham mahalliy xo‘randalardan tashqari xorijiy sayyohlar ham ko‘p tashrif buyuradi. Ular asosan milliy taomlarimizni buyurtma qilishadi. Bizning qadimiy taomlarimiz ularga juda manzur bo‘ladi. Ko‘pchiligi Xorazmga aynan taom tanovul qilish va yangi ta’mlarni tatib ko‘rish uchun kelayotganini ta’kidlashadi. Taomlarimizning mazasi yurtimizda yetishtirilgan mahsulot va masalliqlarning o‘zgacha ta’mi bilan bog‘liq. Bunda albatta ko‘p asrlik ovqat tayyorlash an’analari, uslub va texnika ham muhim o‘rin tutadi.
[gallery-31527]
Ikki kun davomida qadimiy Xiva tarix, madaniyat va betakror milliy ta’mlar uyg‘unlashgan gastronomik maskanga aylanadi.
Festival doirasida ommaviy axborot vositalari vakillari, jurnalist va blogerlar uchun Xonqa sanatoriyasi va “Lazgi” muzeyiga maxsus infotur ham tashkil etildi.
Ahmadjon Shokirov,
Behzod Saidov(Surat),
O‘zA muxbirlari