O‘zbekiston va Xitoy olimlari inson tarixining sirlarini birga o‘rganadi
Inson tarixi, uning kelib chiqishi va qadimgi ajdodlarining hayot tarzini o‘rganishda bugungi ilm-fan oldida hali javobi topilmagan ko‘plab savollar bor.
Bu savollarga javob izlashda arxeologiya, antropologiya, genetika va paleontologiya kabi sohalarning hamkorligi muhim ahamiyat kasb etadi. Ayniqsa, qadimgi DNK va oqsillarni o‘rganish kabi zamonaviy usullar inson va jamiyat tarixiga oid yangi ma’lumotlarni aniqlash imkonini bermoqda.
Shu nuqtai nazardan, O‘zbekiston va Xitoy olimlari o‘rtasidagi ilmiy hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Antropologiya instituti hamda Pekin shahridagi Xitoy Fanlar akademiyasi Umurtqalilar paleontologiyasi va paleoantropologiya instituti (IVPP) o‘rtasida ilmiy hamkorlik kelishuvi imzolandi.

Besh yilga mo‘ljallangan mazkur kelishuv paleolit arxeologiyasi, qadimgi DNK va oqsillar, paleoantropologiya hamda qadimgi tabiiy muhitni o‘rganish bo‘yicha qo‘shma tadqiqotlarni nazarda tutadi.
Hamkorlik doirasida O‘zbekiston hududida ekspeditsiyalar tashkil etish, ilmiy loyihalarni amalga oshirish, qo‘shma ilmiy maqolalar tayyorlash va konferensiyalar o‘tkazish rejalashtirilgan. Shuningdek, Antropologiya instituti ilmiy xodimlari va doktorantlari uchun IVPP laboratoriyalarida har yili bir-ikki oylik ilmiy stajirovkalar tashkil etilishi ko‘zda tutilgan.
Paleontologiya va paleoantropologiya sohalaridagi yetakchi ilmiy muassasalardan biri hisoblangan IVPP bilan hamkorlik O‘zbekistonda antropologiya fanini yanada rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.
Nigora Rahmonova,
O‘zA