“So‘g‘diyona”ning ijodiy yo‘li
“So‘g‘diyona” xalq cholg‘ulari kamer orkestri – Vatanimiz mustaqilligiga tengdosh jamoa.
Orkestr uchun 35 yil – shunchaki bir sana emas. Bu minglab repetitsiyalar, yuzlab konsertlar, o‘nlab mamlakatlar, turli avlod vakillari, yangi ijodiy izlanishlar va, eng muhimi, o‘zbek milliy musiqasini dunyo sahnalarida tanitishga bag‘ishlangan katta mehnat tarixidir.
1991-yil 5-sentabr. “So‘g‘diyona” aynan shu kuni o‘z faoliyatini boshlagan. O‘sha paytda jamoaning hatto doimiy mashg‘ulot o‘tkazadigan aniq manzili ham yo‘q edi. Bugungi zamonaviy konsert zallari, xalqaro sahnalar va katta festivallarni tasavvur qilgan holda qarasak, bu davrni boshqacha baholash mumkin: orkestr avvalo o‘z uyini emas, o‘z ovozini izlagan.
Qariyb 7,5 yil davomida jamoa turli joylarda repetitsiya va konsertlar o‘tkazdi. Ammo bu qiyinchiliklar uning ijodiy harakatini to‘xtatmadi. 1998-yilda “So‘g‘diyona” O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tasarrufiga olindi. 2018-yildan esa jamoa O‘zbekiston davlat filarmoniyasi tarkibida o‘z ijodiy faoliyatini davom ettirib kelmoqda.
Orkestrning asoschisi, badiiy rahbari va bosh dirijyori, fidoyi va zahmatkash inson – O‘zbekiston Respublikasi san’at arbobi, professor Firuza Abdurahimova. Jamoa dirijyori esa xalqaro tanlovlar g‘olibi – Qahramon Bozorov.

O‘zbekistondan boshlanib dunyo sahnalarigacha davom etgan yo‘l
“So‘g‘diyona”ning tarixiga qaralsa, uning konsert geografiyasi ham alohida bir xaritaga aylanadi. Rossiyadan Qozog‘istongacha, Germaniyadan Ispaniyagacha, Janubiy Koreyadan AQSHgacha, Fransiya, Avstriya, Chexiya, Shvetsiya, Turkiya, Hindiston va Misrgacha... Turli mamlakatlar, turli madaniyatlar, turli sahnalar.
Sahnaga chiqqanda esa “So‘g‘diyona”ning asosiy tili bitta – musiqa. Jamoa 35 yil davomida xalqaro tanlov va festivallarda O‘zbekistonning milliy cholg‘u ijrochiligi va musiqa madaniyatini namoyish etib keldi.
1996-yil Ispaniyada o‘tkazilgan XXX Xalqaro musiqa festivalidagi Gran-pri mukofoti — ana shu yo‘ldagi eng yorqin natijalardan biri.
2008-yilda AQSHdagi masofaviy xalqaro tanlovda — birinchi o‘rin.
2010-yil Qozog‘istonning Oqto‘be shahrida o‘tkazilgan “Jubanov koktemi” xalq cholg‘ulari orkestrlarining I xalqaro festival-tanlovida — birinchi o‘rin.
2018-yil Atiraudagi Qurmang‘ozi nomidagi xalq cholg‘ulari orkestrlari festivalida laureatlik.
2020-yilda esa Turkiya va Rossiya hamkorligida o‘tkazilgan “CA AVE MUSICA” I masofaviy xalqaro tanlovida — yana Gran-pri.
Bu ro‘yxatdagi mukofotlardan ham qizig‘i – ular ortida turgan geografiya. “So‘g‘diyona” uchun xalqaro sahna shunchaki konsert joyi emas, o‘zbek musiqasini boshqa xalqlarga eshittirish imkoniyati bo‘lgan.

Yana bir e’tirof
2022-yilda Madaniyat vazirligi tomonidan ta’sis etilgan “Yangi O‘zbekiston yulduzlari” madaniyat va san’at milliy mukofotida “So‘g‘diyona” “Yilning eng yaxshi badiiy jamoasi” nominatsiyasi g‘olibi bo‘ldi.
Bu mukofot jamoaning ko‘p yillik ijodiy faoliyatiga berilgan e’tiroflardan biri sifatida tarixda qoldi.
“Navro‘z sadolari”: bir festivaldan ko‘ra kattaroq g‘oya
“So‘g‘diyona”ning eng muhim loyihalaridan biri – “Navro‘z sadolari” festivali. Uning tarixi ham 1996-yildan boshlanadi.
Dastlab Respublika miqyosidagi festival sifatida yo‘lga qo‘yilgan “Navro‘z sadolari” 2015-yildan xalqaro maqom oldi. Loyihaning maqsadi esa oddiy – yoshlarning musiqiy salohiyatini oshirish, ularni sahnaga olib chiqish, turli jamoalar o‘rtasida ijodiy muloqot muhitini yaratish.
Yillar davomida festival O‘zbekiston davlat konservatoriyasi, “Sog‘lom avlod” xalqaro xayriya jamg‘armasi va Shveysariya tomoni bilan hamkorlikda o‘tkazib kelindi. Aslida, “Navro‘z sadolari” — musiqa festivalidan ko‘ra kengroq tushuncha. Chunki har bir shunday tadbirda sahnaga nafaqat musiqa, balki yangi avlodning orzulari ham chiqadi.
“So‘g‘diyona”ning ijodiy xazinasi
“So‘g‘diyona”ning ijodiy merosi faqat konsertlardan iborat emas. Jamoa faoliyati davomida 13 ta CD, 6 ta DVD, 4 ta hujjatli film va 3 ta kitob nashr etilgan. E’tiborga molik tomoni – orkestr 1919-yilda Germaniyada suratga olingan “Chig‘anoqlar malikasi” va “Qo‘g‘irchoq” nomli ikki ovozsiz filmning yangi ekranlashtirilgan variantlariga musiqiy hamrohlik qilgan. Ya’ni bir asr avval tasvirga tushirilgan, ammo ovozsiz qolgan kadrlarga “So‘g‘diyona” musiqa orqali yangi hayot bergan. Bu musiqaning vaqtdan ustunligini ko‘rsatadigan o‘ziga xos ijodiy tajriba.

30 dan ziyod xorijlik ijodkor bilan bir sahnada
Jamoa turli yillarda 30 dan ortiq xorijlik sozanda va ijodiy jamoalar bilan hamkorlik qilgan, 50 ga yaqin qo‘shma loyiha va konsertlarda ishtirok etgan. Bu hamkorliklar orasida Germaniyaning Leypsig Oliy maktabi ansambli, Fransiyaning Lion konservatoriyasi ansambli, Georg Glasl kvarteti, Buyuk Britaniyaning “Iron Horse” rok-folk guruhi, Shveysariyalik xonanda Saodat Turkyoz, Yaponiyaning Tokio universiteti koto ansambli va AQSHning Adam Kippl Jazz ansambli bor. Ya’ni orkestr turli mamlakatlarning musiqa maktablari, turli uslublar bilan bir sahnada faoliyat ko‘rsatdi. Bunda “So‘g‘diyona”ning 35 yillik faoliyatidagi eng muhim g‘oyalardan biri namoyon bo‘ladi: milliy musiqa o‘zligini saqlagan holda dunyo musiqasi bilan muloqot qila oladi.
35 yil — yakuniy nuqta emas
Bugun “So‘g‘diyona” 35 yoshda. Orkestrning tarixidagi eng qiziqarli jihat uning faqat qancha mamlakatda bo‘lgani yoki qancha mukofot olganida emas. Muhimi – 1991-yilda aniq manzili ham bo‘lmagan bir jamoa bugun xalqaro sahnalarda o‘z ovoziga ega ijodiy jamoaga aylanganida.
35 yil davomida “So‘g‘diyona”ning sozlari turli sahnalarda jarangladi.
Endi esa bu sado yangi avlodga o‘tib bormoqda. Chunki haqiqiy san’atning yoshi bo‘lmaydi.
N.Usmonova, O‘zA