Xonadonbay ish — yangi natijalar sari muhim qadam
Bugun mamlakatimizda kambag‘allikni qisqartirish, aholi bandligini ta’minlash va oilalar uchun barqaror daromad manbalarini yaratish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan.
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 3-sentabr kuni kambag‘allikni qisqartirish va aholi daromadlarini oshirish bo‘yicha ishlarni yangi bosqichga olib chiqish masalalari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda keyingi yillarda kambag‘allikni qisqartirish, aholini daromad manbalari bilan ta’minlash va mahalla darajasida iqtisodiy imkoniyatlarni kengaytirishga qaratilgan ishlar natijasi muhokama qilinib, kelgusidagi muhim vazifalar belgilab berildi.
Bu borada hududlarga keng vakolatlar, moliyaviy resurslar va infratuzilmaviy imkoniyatlar yaratilib, har bir oila bilan manzilli ishlash tizimi yo‘lga qo‘yildi.
Natijada yil boshida 5,8 foizni tashkil etgan kambag‘allik darajasi bugungi kunga kelib 3,9 foizga tushdi. Ehtiyojmand aholi soni 2 million 200 ming nafardan 1,5 million nafarga kamaydi. Ishlar samarali tashkil etilgan 49 ta tuman va 3 ming 429 ta mahalla ishsizlik va kambag‘allikdan xoli hududga aylanib bormoqda.
Shu bilan birga, hududlar kesimida natijalar turlicha ekani, ayrim mahallalarda kambag‘al oilalar bilan ishlashni yanada kuchaytirish zarurligi qayd etildi.
Belgilab berilgan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida Sirdaryo viloyatining Sayxunobod tumanida ham amaliy ishlar boshlab yuborildi.

Bugungi kunda tumandagi 18 ta mahallada 85 ming 700 nafar fuqaro istiqomat qiladi. Jami 15 ming 502 ta xonadondan 753 tasi kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan.
Shu maqsadda tuman hokimi Komiljon Mullajanov boshchiligida mutasaddi tashkilotlar rahbarlari hududlarga chiqib, xonadonbay o‘rganish ishlarini boshladi.
Navbatdagi o‘rganishlar Yangi hayot mahallasida tashkil etildi. Mazkur mahallada 3 ming 854 nafar aholi istiqomat qiladi. Bu yerda 687 ta xonadon bo‘lib, ularning 48 tasi kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan.

Tuman hokimi va mas’ullar xonadonlarga kirib, oilalarning turmush sharoiti, bandlik holati, mavjud muammolari hamda mehnat qilish imkoniyatlarini o‘rgandi.
Har bir oilaning sharoiti, qiziqishi va salohiyatidan kelib chiqib, ularning daromadini oshirish, bandligini ta’minlash va kambag‘allikdan chiqarish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab olindi.

E’tiborli jihati shundaki, Sayxunobod tumanida Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan 2024-yilning mart oyida aholi daromadlarini oshirish va tomorqalardan samarali foydalanish bo‘yicha yangi tizim — «Sayxunobod tajribasi» yo‘lga qo‘yilgan edi. Bugun ushbu tajriba o‘zining amaliy samarasini bermoqda. Yangi hayot mahallasida tomorqachilik, parrandachilik va chorvachilikni yo‘lga qo‘yib, oilasining iqtisodiy ahvolini yaxshilab, yetishtirgan mahsulotlarini bozorga chiqarib, qo‘shimcha daromad ham topishmoqda.
Endi ana shu tajribani kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan xonadonlarda ham keng joriy etish muhim vazifalardan biri etib belgilandi. Ishlash istagi bor, ammo imkoniyati cheklangan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash, ularga zarur sharoit yaratish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.
O‘rganishlar davomida ayrim oilalarda tomorqachilikni rivojlantirish, boshqalarida parrandachilik yoki chorvachilikni yo‘lga qo‘yish, fuqarolarni kasb-hunarga o‘qitish va ish bilan ta’minlash bo‘yicha amaliy choralar belgilandi. Tadbirkorlik qilish istagi bor fuqarolarga imtiyozli kreditlar va boshqa qo‘llab-quvvatlash mexanizmlaridan foydalanish imkoniyatlari ham ko‘rib chiqilmoqda.

— Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, bugun bor e’tiborimizni ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni kambag‘allikdan chiqarish, ularning bandligini ta’minlash, doimiy va barqaror daromad manbalarini yaratish hamda tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish masalalariga qaratishimiz zarur, — deydi Sayxunobod tumani hokimi Komiljon Mullajanov. — Asosiy maqsadimiz — mahallalarimizni kambag‘allikdan xoli hududga aylantirish. Bu borada aniq vazifa va ustuvor yo‘nalishlar belgilab berildi. Endi esa ularni amaliy natijaga aylantirishimiz kerak.
Bugungi yondashuvning eng muhim jihati — muammoni kabinetda emas, bevosita xonadonning o‘zida o‘rganishdir. Chunki har bir oilaning sharoiti va ehtiyoji turlicha. Kimgadir doimiy ish o‘rni zarur bo‘lsa, yana kimdir kasb-hunar o‘rganish yoki tadbirkorlik faoliyatini boshlash uchun ko‘makka muhtoj.

Shu bois, har bir oilaga individual yondashish, mavjud imkoniyatlarni aniqlab, ularni daromad manbaiga aylantirish muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Tuman hokimi Komiljon Mullajanovning mutasaddilar bilan birgalikda hududlarga chiqib, xonadonma-xonadon ish olib borishi ham belgilangan vazifalarni amaliy natijaga aylantirishga qaratilgan.

Maqsad aniq: har bir xonadon — daromadli, har bir fuqaro — band, har bir oila — farovon bo‘lishi kerak.
Zero, kambag‘allikni qisqartirish — shunchaki raqamlarni kamaytirish emas. Bu — insonlarga mehnat qilish va o‘z hayotini yaxshilash uchun imkoniyat yaratish, oilalarda barqaror daromad manbalarini shakllantirish demakdir.
Sayxunobod tumanida boshlangan xonadonbay o‘rganish va amaliy ishlar har bir oilaning imkoniyatini ro‘yobga chiqarish, aholi bandligi va daromadini oshirish, mahallalarni kambag‘allikdan xoli hududga aylantirish yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri