Aksiz markasiz tamaki mahsulotlarini muomalaga kiritilishining oldi olindi
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Pop tumani bo‘limi, Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish inspeksiyasi hamda boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazildi.
Tadbir davomida fuqarolar K.K. va E.K. Pop tumanidagi “Madaniyat” mahallasi hududida joylashgan xonadonda xorijda ishlab chiqarilgan, aksiz markasiz tamaki mahsulotlarini qonunga xilof ravishda saqlab kelganliklari aniqlandi.
Ma’lum bo‘lishicha, umumiy bahosi 148,4 million so‘mlik 9 960 quti tamaki mahsuloti keyinchalik o‘tkazish maqsadida saqlangan. Aniqlangan mahsulotlar belgilangan tartibda ashyoviy dalil sifatida olindi.
Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 25 va 186-1-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Ayni paytda holatning barcha tafsilotlarini aniqlash maqsadida tergov harakatlari olib borilmoqda.
Hamroz Bayonov,O‘zA