XII Xalqaro «Baku Book Fair» kitob ko‘rgazma-yarmarkasida yurtimiz vakillari ham qatnashmoqda
Boku shahrida XII Xalqaro «Baku Book Fair» kitob ko‘rgazma-yarmarkasi o‘z ishini boshladi. Unda O‘zbekiston delegatsiyasi ham faol ishtirok etib, mamlakatimizning boy adabiy merosi, milliy nashriyot mahsulotlari va kitobxonlik madaniyatini xalqaro miqyosda namoyish etmoqda.
Joriy yilgi tadbir «Olam ekrandan ko‘ra kattaroq: bir bola, bir kitob, bir haqiqiy dunyo» shiori ostida o‘tkazilmoqda. Ko‘rgazma doirasida bolalar va yoshlarni raqamli olamdagi xavf-xatarlardan himoya qilish, kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish hamda kitobning inson hayotidagi ahamiyatini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Xalqaro ko‘rgazma-yarmarkada 32 ta mamlakatdan 59 ta xorijiy va 148 ta mahalliy nashriyot, kitob savdosi tashkiloti, kutubxona hamda madaniyat markazlari vakillari ishtirok etmoqda.

Tadbirda O‘zbekiston noshirlari va kitob savdosi tashkilotlari assotsiatsiyasi, O‘zbekiston Milliy kutubxonasi, Islom sivilizatsiyasi markazi hamda 10 dan ortiq nashriyot vakillaridan iborat delegatsiya mamlakatimizning kitob va nashriyot sohasidagi salohiyatini namoyish etmoqda.
Delegatsiya tarkibidan «O‘zbekiston», «Best Book», «Yangi asr avlodi», «Sharqon Books», «Mitti Olam», «Green Maktab», «Adabiyot», «Dunyo Nashr», «Sarmoya Books», «Kitob Sayyorasi», «Yoshlar matbuoti» va «O‘zdavkitobsavdo» tashkilotlari vakillari o‘rin olgan.

Ko‘rgazma doirasida tashkil etilgan «O‘zbekiston» milliy ekspozitsiyasi tashrif buyuruvchilarga mamlakatimiz adabiyoti va madaniy merosini yaqindan kashf etish imkonini bermoqda. Ekspozitsiyada mahalliy nashriyotlar tomonidan so‘nggi yillarda chop etilgan o‘zbek mumtoz va zamonaviy adabiyotining 200 dan ortiq namunasi namoyish etilmoqda. Shuningdek, O‘zbekiston Milliy kutubxonasi fondida saqlanayotgan nodir nashrlar, yurtimizning boy adabiy merosi va milliy madaniyati haqida atroflicha ma’lumot berilmoqda.
Xalqaro tadbir tashkilotchisi, Ozarbayjon Respublikasi madaniyat vaziri Adil Karimli O‘zbekiston milliy ekspozitsiyasiga tashrif buyurib, namoyish etilayotgan adabiyotlar bilan yaqindan tanishdi.
Tashrif davomida O‘zbekiston Milliy kutubxonasi mutaxassisi Avazxon Valixonov kitob nashr etish sohasidagi yutuqlar, shuningdek, O‘zbekiston va Ozarbayjon milliy kutubxonalari o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari haqida ma’lumot berdi.
O‘zbekiston delegatsiyasining mazkur nufuzli xalqaro tadbirdagi ishtiroki milliy adabiy merosimizni jahon miqyosida keng targ‘ib qilish, mahalliy nashriyotlar mahsulotlarini xalqaro auditoriyaga tanitish hamda kutubxonachilik sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.
XII Xalqaro «Baku Book Fair» kitob ko‘rgazma-yarmarkasi 25-oktabrga qadar davom etadi.
N.Usmonova, O‘zA