“Mahorat maktabi” tinglovchilari harbiy mediamarkazda
“Olimjon O‘sarov mahorat maktabi” tinglovchilari uchun navbatdagi mashg‘ulot odatiy auditoriyada emas, balki harbiy jurnalistika va media ijodning qaynoq markazi – Mudofaa vazirligi Ma’naviyat va madaniyat markazida bo‘lib o‘tdi.
Nazariy bilimlarni amaliyot bilan uyg‘unlashtirgan mazkur mashg‘ulot ishtirokchilarga nafaqat yangi bilim va ko‘nikmalar, balki unutilmas taassurotlar ham ulashdi.
Tashrif davomida tinglovchilar milliy armiyamiz hayotini keng yoritib kelayotgan “O‘zbekiston armiyasi” va “Vatanparvar” ko‘rsatuvlari, shuningdek, tobora ommalashib borayotgan “Qarorgoh” podkasti tasvirga olinadigan studiyalar faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.

Kadrlar ortidagi ijodiy jarayonlarni kuzatish barobarida tajribali rejissyor va tasvirchilar bilan muloqot qilib, tasvirga olish jarayonining o‘ziga xos jihatlari, kasb sir-asrorlari haqida qimmatli ma’lumotlarga ega bo‘ldilar.
Shuningdek, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti hamda ko‘p yillik tarixga ega “Vatanparvar” gazetasi tahririyati faoliyati bilan tanishuv tashkil etildi. Soha vakillari, tajribali harbiy jurnalistlar bilan kechgan samimiy va ochiq muloqot yosh ijodkorlar uchun haqiqiy mahorat sabog‘iga aylandi.

Media mahsulotlarning yaratilish jarayonini bevosita kuzatish, kameralar qarshisidagi ijodiy muhitni his etish, gazetaning tayyorlanish bosqichlari bilan tanishish tinglovchilar uchun katta tajriba maktabi bo‘ldi.
Zero, haqiqiy mahorat faqat nazariya bilan cheklanmaydi. U izlanish, kuzatish, tajriba almashish va amaliyot orqali sayqal topadi. Bu kabi uchrashuvlar esa yosh ijodkorlarning kasbiy mahoratini oshirish, dunyoqarashini kengaytirish hamda ularni yangi ijodiy izlanishlarga ruhlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
N.Usmonova, O‘zA