So‘z zargarining ijod maktabi
Jahon adabiyotini o‘zbek tilida o‘qishimiz mumkin. Ammo bir asarni o‘zga tilda qayta yaratish, uning ruhini, muallif nafasini va so‘zlar orasida yashiringan ma’nolarni boshqa tilda ham saqlab qolish – har kimga ham nasib etavermaydigan mahorat. Ustoz ijodkor, adabiyotshunos olim Ibrohim G‘afurov ana shu nozik san’atni butun umri davomida fidokorona va sermashaqqat mehnatlari bilan namoyon etgan inson edi. Uning uchun tarjima shunchaki so‘zlar almashuvi emas, balki adabiyotlar, madaniyatlar va tafakkurlar muloqoti edi.
O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida ana shu benazir merosga ehtirom ifodasi, ayni paytda, kelajak avlod oldidagi mas’uliyatning ramzi bo‘lgan yana bir maskan – O‘zbekiston Qahramoni, atoqli adabiyotshunos, tarjimon va ijodkor Ibrohim G‘afurov nomidagi «Tarjima va ijod maktabi» o‘z faoliyatini boshladi.

Tantanali marosimda universitet rektori, professor Ilhomjon To‘xtasinov ustoz Ibrohim G‘afurovning milliy adabiyotimiz, adabiyotshunoslik va tarjima san’ati rivojiga qo‘shgan ulkan hissasiga to‘xtalib, ijodkor merosini o‘rganish va uni yosh avlodga yetkazishning ahamiyatini ta’kidladi.

Darhaqiqat, ba’zi nomlar kitob muqovasida qoladi. Ba’zilari esa butun bir avlodning adabiyotga munosabatini shakllantiradi. Ibrohim G‘afurov nomi ana shunday ulkan ma’naviy meros bilan bog‘liq.

Marosimning e’tiborga molik lahzalaridan biri ijodkor siymosi aks etgan mo‘’jaz haykalining tantanali ochilishi bo‘ldi. Haykal poyiga gullar qo‘yildi. Bu lahzadagi ehtiromning ma’nosi faqat bir ijodkor xotirasini yod etish bilan cheklanmaydi. Bu o‘z umrini so‘zga, adabiyotga, kitobga va millat tafakkuriga bag‘ishlagan inson oldidagi qarzdorlikni his etish ham.

Tadbirda O‘zbekiston xalq yozuvchisi Xayriddin Sultonov ustoz Ibrohim G‘afurovning o‘zbek adabiyoti va tarjima san’atidagi o‘ziga xos o‘rni, boy ijodiy merosi hamda milliy adabiyotimiz taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi haqida gapirdi.

Yangi maktabning tashkil etilishi esa ijodkor xotirasini e’zozlashdan ham kengroq ma’no kasb etadi. Zero, ustoz merosini asrashning eng samarali yo‘li uni o‘rganish, anglash va davom ettirishdir.

Tadbirda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi, adabiyotshunos olim Shuhrat Rizayev, universitet professori Gulandom Boqiyeva hamda universitet katta o‘qituvchisi Zulayho Alimova milliy so‘z san’ati darg‘asining serqirra faoliyati, jahon adabiyoti namunalarini o‘zbek tiliga o‘girishdagi mahorati, badiiy tarjima va adabiyotshunoslikka qo‘shgan hissasi, yoshlar uchun ibrat bo‘ladigan hayot yo‘li haqida so‘z yuritdi.

Darhaqiqat, Ibrohim G‘afurov ijodini anglash bu faqat adabiyotga nazar tashlash emas. Bu o‘z tilingning imkoniyatlarini qayta kashf etish, so‘zning mas’uliyatini his qilish va kitobxonni yangi ma’nolar olamiga boshlash demak. Ayniqsa, bugun xorijiy tillarni o‘rganayotgan, kelajakda tarjimon va ijodkor bo‘lishni maqsad qilgan yoshlar uchun bunday maktabning ahamiyati alohida.
Tadbirda universitet talabalarining ishtiroki ham bejiz emas edi. Ular turli tillarda Ibrohim G‘afurovning hayoti, ijodi va tarjimonlik faoliyati haqida ma’lumotlar taqdim etdi. Bu chiqishlarda bir haqiqat yana bir bor namoyon bo‘ldi: jahon adabiyotini o‘zbek kitobxoniga yaqinlashtirish bilan birga, o‘zbek adabiyotining ma’naviy imkoniyatlarini ham dunyoga tanitish muhim.

Zero, tarjimon faqat tillarni biladigan mutaxassis emas. U bir xalqning fikri va hissiyotini boshqa xalqqa yetkazadigan, turli madaniyatlar o‘rtasida ko‘prik quradigan ijodkordir.
Marosimning yana bir muhim voqeasi – «Tarjima va ijod maktabi» o‘quv xonasining tantanali ochilishi bo‘ldi. Universitet rektori Ilhomjon To‘xtasinov ishtirokchilarni maktabning maqsad va vazifalari, faoliyat yo‘nalishlari hamda yaratilgan sharoitlar bilan tanishtirdi.

Endi bu maskanda Ibrohim G‘afurovning ijodiy merosini chuqur o‘rganish, talabalarning tarjimonlik mahoratini oshirish, ijodiy salohiyatini rivojlantirish va milliy tarjima an’analarini davom ettirishga qaratilgan ishlar olib borilishi ko‘zda tutilgan.
Aslida, tarjima mahorati tayyor qoidalar bilangina shakllanmaydi. Unda tilni bilish bilan birga, kitobga muhabbat, mutolaa madaniyati, izlanish va har bir so‘zning ma’nosini teran anglash ham muhim. Ibrohim G‘afurovning ijodiy yo‘li yosh tarjimonlar uchun ana shu jihatlari bilan katta tajriba maktabidir.

N.Usmonova,
O‘zA