Odil Yoqubovning “Ulug‘bek xazinasi” romani AQSH kitob bozorida
O‘zbekiston xalq yozuvchisi Odil Yoqubovning mashhur “Ulug‘bek xazinasi” romanining ikkinchi qismi ingliz tiliga tarjima qilinib, AQSHning Amazon savdo platformasida sotuvga chiqarildi.
Bu yangilik adib tavalludining 100 yilligi arafasida e’lon qilindi.
Ma’lumki, “Ulug‘bek xazinasi” – Mirzo Ulug‘bek hayotining so‘nggi davri, uning ilm-fan yo‘lidagi faoliyati, taxt uchun kurashlar va ma’naviy meros taqdiri haqidagi tarixiy roman. Asarda ilm va jaholat, hokimiyat va adolat o‘rtasidagi ziddiyatlar yoritilgan.
Romanning ingliz tilida nashr etilishi o‘zbek adabiyotining xalqaro kitob bozoriga chiqishi va xorijlik kitobxonlarni mamlakatimiz tarixi bilan tanishtirish uchun yana bir imkoniyatdir.
Shuningdek, adibning 17 jildlik asarlari ham nashr etildi. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi axborot xizmatiga ko‘ra, yozuvchining 100 yilligi munosabati bilan “INFO KAPITAL BOOKS” nashriyoti uning tanlangan asarlarini lotin va kirill yozuvlarida jami 10 ming nusxada chop etdi.

To‘plamdan “Diyonat”, “Ko‘hna dunyo”, “Oq qushlar, oppoq qushlar”, “Adolat manzili”, “Er boshiga ish tushsa”, “Qaydasan, Moriko” va boshqa mashhur asarlar o‘rin olgan.
Ma’lumot uchun: Odil Yoqubov 1926-yil 20-oktabrda tug‘ilgan. O‘zbekiston xalq yozuvchisi, “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni sohibi bo‘lgan adib o‘zbek adabiyotida tarixiy romanchilik va ijtimoiy-psixologik nasr rivojiga katta hissa qo‘shgan. U 2009-yilda vafot etgan.
Sanjar Toshpo‘latov, O‘zA