Xavfsizlik — umumiy mas’uliyat
Jamiyatda tinchlik va osoyishtalikni ta’minlash, huquqbuzarliklarning oldini olish va aholi uchun xavfsiz muhit yaratish, avvalo, muammoning oqibati bilan emas, uni keltirib chiqarayotgan sabablar bilan ishlashni taqozo etadi. Ayni shu tamoyil “Xavfsiz va sog‘lom yurt” tezkor-profilaktik tadbiri doirasida Jizzax viloyatida amalga oshirilayotgan ishlar mazmunida ham yaqqol namoyon bo‘lmoqda.
Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari, general-mayor Bahodir Mirzarahimovning viloyatga xizmat safari davomida hududlardagi profilaktik ishlar holati atroflicha o‘rganildi. Viloyat ichki ishlar boshqarmasida mas’ul rahbarlarning axborotlari eshitilib, kriminogen vaziyat, huquqbuzarliklarning oldini olish, ularni yuzaga keltirayotgan omillarni bartaraf etish borasidagi chora-tadbirlar tahlil qilindi.
Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, xavfsiz muhitni ta’minlash faqat huquqni muhofaza qiluvchi organlarning sa’y-harakatlari bilan cheklanib qolmasligi kerak. Bu jarayonda mahalla, oila, ta’lim muassasasi, jamoatchilik va har bir fuqaroning hamkorligi muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bois profilaktik ishlarni manzilli tashkil etish, ya’ni har bir hududning o‘ziga xos sharoiti va mavjud muammolaridan kelib chiqib chora ko‘rishga ustuvor ahamiyat berilmoqda.

“Xavfsiz va sog‘lom yurt” tadbiri doirasida mahallalarda profilaktik ishlarni kuchaytirish, jamoat joylarida xavfsizlikni ta’minlash, aholi bilan bevosita muloqotlarni yo‘lga qo‘yish va mavjud muammolarni o‘z vaqtida aniqlashga alohida e’tibor qaratilgan.
Bu borada, ayniqsa, yoshlar bilan ishlash masalasi dolzarb. Zero, ularning bo‘sh vaqti qanday mazmun bilan to‘ldirilsa, ertangi qadamlari ham ko‘p jihatdan shunga bog‘liq bo‘ladi. Shuning uchun yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklarning oldini olish, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish bo‘yicha profilaktik ishlar kuchaytirilmoqda.

Vazir o‘rinbosari profilaktik tadbirlarni umumiy yondashuv asosida emas, balki har bir hududdagi aniq vaziyatdan kelib chiqib tashkil etish zarurligini ta’kidladi. Ehtimoliy xavflarni oldindan aniqlash, ularning sabablarini chuqur o‘rganish va bartaraf etish esa bu boradagi ishlarning asosiy mezoni bo‘lishi lozim.
Chunki huquqbuzarlik sodir etilgandan keyin uning oqibatini bartaraf etishdan ko‘ra, unga olib kelishi mumkin bo‘lgan omilni o‘z vaqtida aniqlash va uning oldini olish samaraliroqdir. Profilaktikaning asl mohiyati ham shunda — xavfni voqeaga aylantirmaslik.
Uchrashuvda aholi bilan yaqin hamkorlikni yanada mustahkamlash, fuqarolarning murojaatlariga e’tiborli bo‘lish, xizmat intizomi va qonuniylik talablariga qat’iy rioya etish yuzasidan ham aniq vazifalar belgilab berildi.

Bugun xavfsizlik tushunchasi ko‘cha va jamoat joylarida tartibni saqlash bilangina cheklanmaydi. U odamlarning xotirjam hayoti, oilalar osoyishtaligi, yoshlarning sog‘lom muhitda kamol topishi, har bir fuqaroning ertangi kunga ishonch bilan qarashi bilan chambarchas bog‘liq. Shu ma’noda profilaktika — bu faqat huquqbuzarlikka qarshi chora emas, balki tinch va farovon hayotni asrashga qaratilgan uzluksiz jarayondir.
Jizzax viloyatida “Xavfsiz va sog‘lom yurt” tezkor-profilaktik tadbiri doirasidagi ishlar izchil davom ettirilmoqda. E’tibor esa bir nuqtaga — huquqbuzarlik sodir bo‘lgandan keyin uning oqibati bilan kurashishga emas, balki uni keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan sabablarni barvaqt aniqlab, bartaraf etishga qaratilgan.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri