Har bir so‘m natija bersin
Davlat mablag‘i — xalq mablag‘i. Shuning uchun uning har bir so‘mi qayerga yo‘naltirilayotgani, qanday maqsadga xizmat qilayotgani va qanday samara berayotgani doimo e’tibor markazida bo‘lishi kerak. Ayniqsa, ulkan mablag‘ va resurslar harakati bilan bog‘liq suv xo‘jaligi tizimida moliyaviy intizom, tejamkorlik va shaffoflik masalasi bugun har qachongidan dolzarb.
Sirdaryo-Zarafshon irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi binosida o‘tkazilgan seminarda aynan shu masalalar atroflicha muhokama qilindi. Unda Suv xo‘jaligi vazirligi Ichki audit boshqarmasi boshlig‘i Zohid Abdurasulov, vazirlik bosh mutaxassislari Abdurashid Nurmatov va Abror Ahrorov, shuningdek, Suv xo‘jaligi vazirligi va tizim tashkilotlarining mas’ul xodimlari ishtirok etishdi.

Tadbirda bildirilgan fikrlar bir haqiqatni yana bir bor ko‘rsatdi: mablag‘ni ajratishning o‘zi kifoya emas, uning har bir so‘mi natijaga aylanishi lozim. Bu esa ichki auditga yangicha yondashuvni taqozo etadi. Ya’ni audit faqat sodir bo‘lgan kamchilikni qayd etish bilan cheklanmasdan, uni keltirib chiqargan sabablarni aniqlashi, moliyaviy xavflarni oldindan ko‘ra bilishi va ularning takrorlanishiga yo‘l qo‘ymaydigan mexanizmlarni ishga tushirishi zarur.
Seminarda ichki audit tadbirlari va monitoring jarayonida aniqlanayotgan qator tizimli muammolarga e’tibor qaratildi. Xususan, nasos stansiyalarida elektr energiyasi va yoqilg‘i-moylash materiallaridan me’yoridan ortiq foydalanish, hisob-kitob va monitoring ishlarining yetarlicha yo‘lga qo‘yilmagani, davlat xaridlarida bozor narxlarini chuqur o‘rganmaslik, ta’mirlash va qurilish-montaj ishlarida bajarilgan ish hajmlarining amaldagidan ortiqcha ko‘rsatilishi kabi holatlar muhokama qilindi.

Moliyaviy intizomning mezoni faqat yirik xarajatlarda emas. Mehnatga haq to‘lash, shtat birliklaridan oqilona foydalanish, asossiz mukofotlashga yo‘l qo‘ymaslik, buxgalteriya hisobini to‘g‘ri yuritish va moliyaviy hujjatlarni qonunchilik talablariga muvofiq rasmiylashtirish ham mablag‘dan samarali foydalanishning muhim shartlaridir.
Bu vazifalar davlat auditini takomillashtirish bo‘yicha belgilangan yangi maqsadlar bilan hamohang. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 6-iyuldagi “Davlat auditi faoliyatida sun’iy intellekt va raqamlashtirishni yanada rivojlantirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Фармонида byudjet tizimidagi xavflarni barvaqt aniqlash, nazorat jarayonlariga zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etish ustuvor vazifalar sifatida belgilangan.
Hujjatga muvofiq, 2026 — 2030-yillarda byudjet tizimi byudjetlaridagi xavflarni barvaqt aniqlash samaradorligini 50 foizgacha yetkazish, sun’iy intellekt texnologiyalarini qo‘llash orqali byudjet intizomi buzilishi holatini aniqlash samaradorligini 1,4 baravarga oshirish, sun’iy intellektga asoslangan xavf tahlili mexanizmlarini 30 taga yetkazish hamda 50 ta servis va modul yaratish ko‘zda tutilgan.

Gap shundaki, raqamli nazorat imkoniyatlari mablag‘ harakatini shunchaki kuzatib borish emas, balki ehtimoliy xatarni oldindan ko‘rish imkonini beradi. Shu bois seminarda ASKUYe va boshqa elektron tizimlar orqali elektr energiyasi sarfini muntazam monitoring qilish, maxsus texnika va avtotransport vositalaridan foydalanishni GPS nazorati asosida tashkil etish, davlat xaridlarida shaffoflikni ta’minlash hamda moliyaviy operatsiyalarni masofaviy tahlil qilish masalalariga alohida urg‘u berildi.
Bunday yondashuvning mohiyati oddiy: xato sodir bo‘lganidan keyin uni izlashdan ko‘ra, xatoga olib kelishi mumkin bo‘lgan xavfni oldindan aniqlash samaraliroq. Shu ma’noda xavf-xatarlarni boshqarish — moliyaviy qoidabuzarlik yuzaga kelish ehtimoli yuqori bo‘lgan tashkilotlarni aniqlab, audit tadbirlarini shu xavf darajasidan kelib chiqib tashkil etish — ichki auditning ta’sirchanligini oshiradi.
Seminarda ham aynan shu yondashuv asosida suv xo‘jaligi tizimida mavjud holat tahlil qilinib, amalga oshirilishi lozim bo‘lgan chora-tadbirlar belgilab olindi. Tizim tashkilotlari rahbarlari va bosh hisobchilariga byudjet mablag‘laridan foydalanishda qonuniylik, tejamkorlik, samaradorlik va shaffoflik tamoyillariga qat’iy rioya qilish, aniqlangan kamchiliklarni o‘z vaqtida bartaraf etish hamda ichki nazoratni kuchaytirish bo‘yicha tegishli tavsiyalar berildi.

Zero, suv xo‘jaligida har bir tejalgan mablag‘ — qo‘shimcha imkoniyat, har bir bartaraf etilgan xato — kelgusi yo‘qotishning oldi olingani, har bir o‘z vaqtida aniqlangan xavf esa samarasiz xarajatga yo‘l qo‘yilmaganini anglatadi.
Bugun ichki audit oldida turgan asosiy vazifa ham shu — kamchilikni sanab chiqish emas, uning ildiziga yetib borish. Nazoratni kuchaytirish, raqamli imkoniyatlardan oqilona foydalanish va har bir mablag‘ harakatini aniq mezonlar asosida baholash orqali byudjet mablag‘larining samarasiz sarflanishiga yo‘l qo‘ymaslik. Ana shunda moliyaviy intizom qog‘ozdagi talab emas, suv xo‘jaligi tizimining kundalik ish uslubiga aylanadi.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri