Taraqqiyotning yangi tayanchi — ilm va innovatsiya
Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov akademiklar bilan uchrashdi: Fanlar akademiyasi va viloyat hokimligi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
Bugun dunyoda taraqqiyot sur’ati tabiiy boyliklar yoki ishchi kuchi bilan emas, avvalo, ilm, innovatsiya va inson kapitali bilan belgilanmoqda. Qaysi hudud o‘z ilmiy salohiyatini ishlab chiqarish, tadbirkorlik va ijtimoiy taraqqiyot bilan uyg‘unlashtira olsa, o‘sha joy kelajak iqtisodiyotining yetakchi markaziga aylanadi.
Shu ma’noda Buxoroda ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasini yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan muhim qadam tashlandi.
Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademiklari bilan uchrashib, hududning ilmiy salohiyatini yuksaltirish, ilmiy ishlanmalarni amaliyotga keng joriy etish, mavjud muammolarga zamonaviy ilmiy yechimlar topish hamda innovatsion loyihalarni ishlab chiqarish bilan uyg‘unlashtirish masalalarini muhokama qildi.
Eng muhimi, uchrashuv yakunida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi va Buxoro viloyati hokimligi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolandi.
Bu hujjatni oddiy kelishuv sifatida emas, Buxoroning ilmiy salohiyatini hudud taraqqiyotining amaliy kuchiga aylantirishga qaratilgan yangi strategik qadam sifatida baholash mumkin.

Bugun mamlakatimizda ilm-fan va innovatsiyaga bo‘lgan munosabat tubdan o‘zgarmoqda. Davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilm-fanni mamlakat taraqqiyotining muhim drayveriga aylantirish, olimlarni qo‘llab-quvvatlash, ilmiy tadqiqotlarni amaliyot bilan bog‘lash va innovatsion ishlanmalarni ishlab chiqarishga joriy etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Prezidentimiz ta’kidlab kelayotganidek, bugun ilm-fan faqat ilmiy muassasalar devori ichida qolib ketmasligi, balki real hayotdagi muammolarga yechim beradigan, iqtisodiy o‘sishni ta’minlaydigan va insonlar farovonligini oshiradigan kuchga aylanishi kerak.
Aynan shu yondashuv Buxoroda ham izchil amalga oshirilmoqda.
Viloyat rahbari uchrashuv avvalida bugungi muloqot Buxoroning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyoti, ilmiy salohiyatini yuksaltirish va yangi imkoniyatlarni ro‘yobga chiqarishda muhim qadam ekanini ta’kidladi:
— Bugun muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev tomonidan ilm-fanni hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning bosh lokomotiviga aylantirish bo‘yicha qo‘yilayotgan strategik vazifalar fonida siz azizlarni Buxoroga taklif etishimizdan asosiy maqsad — samimiy muloqot qilish barobarida, viloyatimizdagi real muammo va imkoniyatlarga ilm-fanning eng ilg‘or yutuqlari asosida aniq va amaliy yechimlar taklif qilishdir.
Bu fikrning o‘ziyoq uchrashuvning mohiyatini yaqqol ifoda etadi: ilm — maqsad emas, taraqqiyotga xizmat qiladigan kuch bo‘lishi lozim.

Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi prezidenti Sh. Ayupov, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori A. Saidov, Toshkent davlat texnika universiteti rektori S. Turobjonov, akademik Qodir G‘ulomov va boshqa olimlar ishtirok etdi.
Ular Buxoroning mavjud iqtisodiy, ilmiy va ishlab chiqarish salohiyatini yanada oshirish, mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish, ilmiy ishlanmalarni amaliyotga joriy etish hamda innovatsion loyihalarni ishlab chiqarish jarayonlari bilan uyg‘unlashtirish yuzasidan o‘z fikr va takliflarini bildirishdi.
Zero, Buxoro — nafaqat boy tarix va madaniyatga, balki katta iqtisodiy va tabiiy salohiyatga ega hudud.
Viloyatda sanoat, qishloq xo‘jaligi, energetika, suv resurslaridan samarali foydalanish, mahalliy xomashyoni chuqur qayta ishlash, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish kabi yo‘nalishlarda keng imkoniyatlar mavjud. Endi asosiy vazifa — ushbu imkoniyatlarni ilm bilan boyitish.
Bugungi zamonaviy iqtisodiyotda eng katta qiymat — yangi g‘oya. Ammo g‘oya qog‘ozda qolsa, uning qiymati cheklanadi.. U ishlab chiqarishga kirib borganida, yangi mahsulot, yangi texnologiya, yangi ish o‘rni va yangi iqtisodiy qiymat yaratganidagina haqiqiy natijaga aylanadi. Buxoroda o‘tkazilgan muloqotning eng muhim jihati ham ana shunda.

Olimlar tomonidan yaratilgan ilmiy ishlanmalarni korxonalar ehtiyoji bilan bog‘lash, hududdagi aniq muammolarga ilmiy asoslangan yechimlar topish, tadqiqot muassasalari va ishlab chiqarish korxonalari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Bu esa kelgusida Buxoroda “olim — texnologiya — ishlab chiqarish — bozor” zanjirining yanada mustahkam shakllanishiga xizmat qilishi mumkin.
Ilm-fan yutuqlarini ishlab chiqarishga keng tatbiq etish bir vaqtning o‘zida bir nechta natijani ta’minlaydi. Avvalo, ishlab chiqarish samaradorligi ortadi. Mahsulot tannarxi pasayadi, raqobatbardoshlik kuchayadi. Ikkinchidan, mahalliy xomashyoni chuqur qayta ishlash imkoniyatlari kengayadi. Bu esa qo‘shimcha qiymat yaratib, hudud iqtisodiyotiga yangi sur’at bag‘ishlaydi. Uchinchidan, yangi texnologiyalarga asoslangan korxonalar paydo bo‘lib, yuqori malakali mutaxassislar uchun yangi ish o‘rinlari yaratiladi. Eng muhimi, Buxoro iqtisodiyotida bilim va texnologiyaga asoslangan yangi o‘sish nuqtalari shakllanadi.
Uchrashuv yakunida imzolangan hamkorlik memorandumi ana shu ezgu maqsadlarni tizimli va samarali amalga oshirish uchun muhim asos bo‘lib xizmat qiladi.

Hujjat doirasida Buxoroning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi uchun ustuvor bo‘lgan yo‘nalishlarda ilmiy-tadqiqot ishlarini amaliy loyihalar bilan uyg‘unlashtirish, olimlar va soha mutaxassislari hamkorligini tizimli yo‘lga qo‘yish, istiqbolli innovatsion loyihalarni ishlab chiqish va ularni amaliyotga tatbiq etish imkoniyatlari kengayadi. Bu jarayonda Fanlar akademiyasining ilmiy salohiyati va Buxoroning iqtisodiy imkoniyatlari bir nuqtada birlashadi. Ya’ni ilm laboratoriyadan chiqib, ishlab chiqarish sexiga; ilmiy g‘oya innovatsion mahsulotga; tadqiqot esa iqtisodiy natijaga aylanishi uchun yangi mexanizm yaratilmoqda.
Bugun Buxoroda imzolangan memorandumning ahamiyatini faqat bitta hujjat yoki bitta uchrashuv doirasida baholab bo‘lmaydi. Chunki zamonaviy dunyoda eng kuchli resurs — yer osti boyliklari emas, inson tafakkuri. Eng qimmat investitsiya esa binolar yoki uskunalarga emas, bilim, ilm-fan va innovatsiyaga kiritilgan sarmoyadir. Buxoroda bugun ana shu qarash amaliyotga aylanmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri