Xavfsiz va o‘zaro hurmatga asoslangan ish muhiti qanday ta’minlanadi?
Prezident huzuridagi davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasi Samarqand filialida “Mehnat jamoalarida xavfsiz va o‘zaro hurmatga asoslangan ish muhitini ta’minlash: ta’qibning oldini olish va murojaatlarni ko‘rib chiqish” mavzusida o‘quv-seminar tashkil etildi.
Unda viloyatdagi davlat organlari va tashkilotlari, nodavlat tashkilotlarning inson resurslarini boshqarish va rivojlantirish, tashkiliy-nazorat masalalari bo‘yicha mas’ullari ishtirok etmoqda.
– Shu yilning 21-sentabr kuni davlatimiz rahbarining “Mehnat sohasida xavfsiz va hurmatga asoslangan ish muhitini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori va u asosida Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori qabul qilingandi, – deydi davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasi Samarqand filiali dotsenti Durdona Rasulova. – Mazkur hujjatlar mehnat sohasida xodimlarning sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish, xavfsiz, hurmatga asoslangan va kamsitishdan xoli ish muhitini ta’minlash, tazyiq, zo‘ravonlik va shu maqsadda xizmat mavqeini suiiste’mol qilish holatlarining oldini olish, bunday holatlar yuzasidan murojaatlarni xolis, tezkor va shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risidagi qonunchilikka asosan ko‘rib chiqishning yagona raqamli mexanizmlarini joriy etishni nazarda tutadi. Qolaversa, davlat organlari va tashkilotlarida, shuningdek, nodavlat tashkilotlarda mehnat sohasida xavfsiz va hurmatga asoslangan ish muhitini ta’minlash dasturi bosqichma-bosqich joriy etiladi. O‘quvdan ko‘zlangan asosiy maqsad ushbu dasturni amalga oshirishga mas’ullarning bu boradagi bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirish, ularga nizom talabalari va boshqa qonun hujjatlari mohiyatini tushuntirishga qaratilgan.
[gallery-32240]
O‘quv seminarda mehnat jamoalarida xavfsiz va o‘zaro hurmatga asoslangan ish muhitini ta’minlash dasturini tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizomga muvofiq ta’qib holatlari bo‘yicha murojaatlarni qabul qilish, dastlabki baholash va tekshirishga doir amaliy ko‘nikmalar hamda ta’qibni gender nuqtai nazaridan tushunishni shakllantirish masalalari yuzasidan tushuncha berildi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat),
O‘zA muxbirlari