Xarid cheki: yutuqlar sizni kutmoqda
Joriy yil iyul oyining odatdagi kunlaridan birida Xorazmning qadim va fayzli go‘shalaridan biri bo‘lgan Xonqa tumanida yashovchi Qodirberdi biroz betob bo‘lgani sabab Urganch shahridagi xususiy klinikada tibbiy ko‘rikdan o‘tdi.
Tibbiy xizmat bu yerda pullik bo‘lgani sabab, kassaga 480 ming so‘m to‘lov qildi va u xarid chekini oldi. Uyiga borgach o‘ylanib qoldi: “Ushbu xarid chekini ham do‘konniki kabi mobil ilovadan ro‘yxatdan o‘tkazsam, “keshbek” berarmikan? Axir, bir foiz qaytsa ham 4 ming 800 so‘m. Har tugul, nevaraga shirinlik puli bo‘lar.”
U qog‘ozlar orasidan xarid chekini oldi va uni telefonida skanerladi. Telefon ekranida chek muvaffaqiyatli qabul qilingani 25-sanadan so‘ng “Keshbek” qaytarilishi haqidagi ma’lumot paydo bo‘ldi. Ushbu xabarning tepasida yana bir kichik “xabarcha” bor edi. Unda “Siz har oyning 5-sanasida o‘tkaziladigan “yutuqli chek” o‘yini ishtirokchisi bo‘ldingiz!” deb yozilgan edi. Biroq, Qodirberdi bunga e’tibor bermadi. Omadni qarangki, joriy yilning 9-avgust kuni oynai jahon orqali o‘tkazilgan jonli efirda Qodirbergan Yusupovning aynan shu xarid chekiga avtomobil yutug‘i chiqdi.
Xabaringiz bor, 2026-yilning 1-iyulidan boshlab, tajriba tariqasida aynan Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyati hududida chakana savdo, umumiy ovqatlanish hamda xizmat ko‘rsatish ob’ektlarida berilgan xarid cheklari asosida yutuqli o‘yinlar tashkil etilmoqda.
[gallery-31927]
Uch oydan buyon Xorazmda “Chekni talab qiling – avtomobil va boshqa qimmatbaho sovg‘alarni yutib oling!” shiori ostida yutuqli chek o‘yinlari o‘tkazib kelinmoqda.
Iste’mol madaniyatini yuksaltirish, savdo sohasida shaffoflikni ta’minlash va yashirin iqtisodiyotga barham berish maqsadida “Soliq” mobil ilovasida joriy etilgan “Yutuqli o‘yinlar platformasi” har oy yakunlari bo‘yicha keyingi oyning 5-sanasiga qadar inson omilisiz g‘oliblarni aniqlaydi va yutuqlar 10-sanaga qadar topshiriladi. Yutuqli o‘yinlarning bosh sovrini esa har oyda o‘ynaladigan avtomobil.
Xorazm viloyatida bo‘lib o‘tgan ana shunday yutuqli o‘yinning ilk sonida 185 ming 956 nafar ishtirokchi tomonidan ro‘yxatdan o‘tkazilgan 1 million 913 ming 733 ta chek ishtirok etdi. To‘liq avtomatlashgan “Rondom” tizimi xonqalik Qodirberdi Yusupovning 480 ming so‘mlik xarid chekiga bosh sovrin – avtomobil yutug‘ini aniqladi.
- Avgust oyining to‘qqizinchi kuni edi. Kechki ovqatdan keyin ochiq havoda sayr qilib yurgandim, - deydi Qodirbergan Yusupov. - Qo‘ng‘iroq bo‘ldi va “Yutuqli chek” o‘yini g‘olibi bo‘lganligimni aytishdi. Avval ishonmadim. Telefondagi firibgarlar qo‘ng‘irog‘i deb o‘yladim. Biroq, qarindoshlarim va tanishlarim jonli efirda bunga guvoh bo‘lishganini aytgach, ishondim. Haqiqatdan ham ana shu oddiy xarid cheki menga omad keltirdi. “Damas” avtomobili egasi bo‘ldim.
Sentyabr oyidagi o‘yinda esa viloyatdagi 8 ming 963 ta savdo va xizmat ko‘rsatish sub’ektlaridan xaridni amalga oshirgan 505 ming 776 nafar xaridorning “Soliq” mobil ilovasi orqali ro‘yxatdan o‘tkazilgan 4,8 millionta xarid cheklari ishtirok etdi. O‘yin natijalariga ko‘ra, Xonqa tumanidan Jo‘rabek Hakimboyev bosh sovrin – avtomobil sohibi bo‘ldi.
– Savdo do‘konidan 44 ming so‘mlik savdo qildim, – deydi Jo‘rabek Hakimboyev. – Omadim kelib shu xaridimga berilgan fiskal belgili chekimga yutuq chiqdi. Bundan juda xursandman. Aslida har doim xaridlarim uchun chek talab qilishni unutmayman. Barcha yurtdoshlarimizga ham shuni tavsiya etaman. Ajabmas, sizga ham omad kulib boqsa. Bunday imkoniyatdan foydalanish lozim. O‘yin tashkilotchilariga o‘z minnatdorligimni izhor etaman.
Sentyabr oy yakunlanib, shu oyning boshida ham yutuqli o‘yin o‘tkazildi. Bu safar ham hammasi hech qanday inson omilisiz, zamonaviy raqamli texnologiyalar va avtomatik tizim orqali g‘oliblar aniqlandi. Mo‘’jazgina kompyuter algoritmi millionlab cheklar ichidan birini tanlar ekan, unda g‘olib bo‘ldi.
– Kundalik ro‘zg‘or tashvishlari bilan mahalladagi do‘kondan uy uchun kerakli mahsulotlarni xarid qilib, sotuvchidan xarid chekini oldim. So‘nggi paytlarda radio va televideniye, ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilinayotgan “Chekni talab qiling – avtomobil va boshqa qimmatbaho sovg‘alarni yutib oling!” shiori yodimga tushdi. Telefon orqali maxsus platformaga chekni skanerlab, kiritib qo‘ydi. Qarabsizki, avtomobil sohibi bo‘ldim, – deydi Urganch shahridan Shokir Ho‘janiyozov.
Har oylik yutuqli o‘yinlarning bosh sovrini avtomobildan tashqari velosiped, televizor va qo‘l telefoni kabi rag‘batlantiruvchi sovrinlar ham bor. Shu bilan birga oy yakunlari bo‘yicha xaridlar summasining bir foizini qaytarishning amaldagi mexanizmi belgilangan tartibda saqlab qolinadi.
– Xorazm viloyatida 2026-yil 1 oktyarb holatiga 8 ming 964 ta tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan 11 ming 5 ta onlayn nazorat kassa texnikasi o‘rnatilgan, – deydi Xorazm viloyat soliq boshqarmasi xodimasi Inobat Murodova. – Ushbu tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan savdo va xizmat ko‘rsatish orqali 39 milliondan ortiq chek urib berilgan. Natijada 11 trillion so‘mdan ortiq tushumlar kirim qilingan. Shuningdek, sentabr oyining o‘zida 4 million 500 ming dona chek urilgan. Natijada savdo va xizmat ko‘rsatishdan 1 trillion 3 milliard so‘mdan ortiq tushumlar kirim qilingan.
Darhaqiqat, chek talab qilish orqali biz nafaqat o‘z huquqlarimizni himoya qilamiz, balki iqtisodiyotning shaffofligiga hissa qo‘shamiz. Qoraqalpog‘iston va Xorazmda amalga oshirilgan oddiy xarid cheki esa sizni yangi avtomobil egasiga aylantirishi mumkin.
Ahmadjon Shokirov,
Behzod Saidov(surat),
O‘zA muxbirlari