“Halol” sertifikatlashtirish sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi
O‘zbekiston musulmonlari idorasida Polsha musulmonlari uyushmasi raisi, muftiy Tomash Mishkevich bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston musulmonlari idorasi hamda Texnik jihatdan tartibga solish agentligi vakillari ishtirok etib, ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish istiqbollarini muhokama qildi.
Muloqot davomida O‘zbekiston va Polsha o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalar izchil rivojlanib borayotgani ta’kidlandi. Xususan, 2025-yilda ikki mamlakat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi qariyb 383,7 million AQSH dollarini tashkil etdi. O‘zbekistonning Polshaga eksportida to‘qimachilik, mis, plastmassa, mineral hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari muhim o‘rin tutadi. Polshadan esa mamlakatimizga sanoat uskunalari, farmatsevtika, kosmetika va elektr jihozlari yetkazib beriladi.
Uchrashuvda savdo-iqtisodiy aloqalar bilan bir qatorda, diniy-ma’rifiy sohada tajriba almashish, ziyorat turizmini rivojlantirish hamda “Halol” standartlari va sertifikatlashtirish yo‘nalishidagi hamkorlikni kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Mehmonga O‘zbekistonda diniy ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida ma’lumot berildi. Shuningdek, Texnik jihatdan tartibga solish agentligi tomonidan “Halol” sertifikatlashtirish tizimini rivojlantirish, Islom mamlakatlari standartlar va metrologiya instituti (SMIIC) standartlarini joriy etish hamda Polsha standartlashtirish tashkiloti bilan hamkorlik aloqalarini mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar taqdim etildi.
Ta’kidlanganidek, “Halol” standartlari va sertifikatlashtirish sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish mahsulotlar sifati va xavfsizligini ta’minlash, o‘zaro savdo aloqalarini kengaytirish hamda yangi bozorlarga chiqish imkoniyatlarini oshirishga xizmat qiladi.
Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlash, diniy-ma’rifiy yo‘nalishda tajriba almashish va istiqbolli sohalarda amaliy aloqalarni kengaytirish bo‘yicha kelishuvga erishdi.
Hamroz Bayonov,
O‘zA