Vodiy ijodkorlari “Dilkash davralarda” jam bo‘ldi
Andijon shahridagi Alisher Navoiy nomli madaniyat va istirohat bog‘ida Farg‘ona vodiysi ijodkorlari ishtirokida "Dilkash davralar" deb nomlangan adabiy, ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Badiiy akademiyasi a’zosi, “Do‘stlik” ordeni sohibi rassom-kulolchi Tohir Haydarov tashabbusi bilan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Andijon viloyat bo‘limi, Farg‘ona viloyati teleradiokompaniyasi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda Andijon, Farg‘ona, Namangan va O‘sh viloyatlarida yashab, ijod qilayotgan yozuvchi va shoirlar ishtirok etdi.
Tadbir ochilishida so‘z olgan Yozuvchilar uyushmasi Andijon, Namangan viloyat bo‘limlari rahbarlari Xurshida Vahobjon qizi, Ziyovuddin Mansur mamlakatimizda ijod ahliga ko‘rsatilayotgan e’tibor, Farg‘ona vodiysi ijodkorlari o‘rtasidagi hamkorlik, shuningdek, vodiy adabiy muhiti vakillari tomonidan milliy adabiyotimiz rivojiga, xalqimiz ma’naviyatini yuksaltirishga xizmat qiluvchi salmoqli asarlar yaratilayotganligini ta’kidladi.
[gallery-30851]
Tadbirda vodiy yozuvchilarining istiqlol g‘oyalari, xalqimiz ma’naviyati va shuuridagi o‘zgarishlar, zamonamiz qahramonlarini tarannum etuvchi asarlari xususida so‘z yuritildi. Ijodkorlar o‘rtasida ijodiy hamkorlikni mustahkamlash muhimligi alohida qayd etildi.
Andijonlik Farid Usmon, Habib Siddiq, Zamira Ro‘ziyeva, farg‘onalik Zuhra Aliyeva, namanganlik Ziyovuddin Mansur, Boqiy Mirzo va boshqalar o‘zlarining keyingi yillardagi ijodiy faoliyati, bugungi kun ijodkorining mas’uliyati haqida gapirdi.
Adabiy tadbirda Qirg‘iziston Yozuvchilar uyushmasi O‘sh viloyati bo‘limi rahbari o‘rinbosari Elmira Isaqova rahbarligida bir guruh ijodkorlar ham qatnashdi. Ikki qo‘shni davlat ijodkorlari o‘rtasidagi ijodiy hamkorlik qardosh xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik rishtalarini yanada mustahkamlashga xizmat qilishi aytib o‘tildi. Keyingi yillarda bir qator o‘zbek ijodkorlarining kitoblari qirg‘iz tilida chop etilganligi, qirg‘iz ijodkorlarining asarlari o‘zbek tiliga tarjima qilinganligi ana shu hamkorlikning amaliy namunasidir.
Tadbir yakunida qator ijodkorlar o‘zlarining yangi kitoblarini ishtirokchilarga, qirg‘izistonlik ijodkorlarga sovg‘a qildi.
Faxriddin Ubaydullayev,
Zuhriddin Umrzoqov (foto),
O‘zA muxbirlari