Viloyat bosqichi g‘olibi aniqlandi
Sirdaryo viloyatida mahallalarda faoliyat yuritayotgan yoshlar yetakchilari o‘rtasida tashkil etilgan “Sirdaryolik kitobxon yoshlar yetakchisi” tanlovining viloyat final bosqichi yakunlandi. Mutolaa madaniyatini keng targ‘ib qilish, kitobxonlikni ommalashtirish va mahallalardagi ilg‘or tajribalarni rag‘batlantirishga qaratilgan mazkur tanlovda hududning eng faol yoshlar yetakchilari ishtirok etishdi.
Tanlov davomida qatnashchilar to‘rtta shart bo‘yicha bilim va salohiyatlarini namoyon etishdi. Jumladan, “Badiiy asar bilimdoni” shartida belgilangan adabiy asarlar bo‘yicha bilimlari sinovdan o‘tkazildi. “Mening mahallam – kitobxon mahalla” shartida esa ishtirokchilar o‘z hududlarida kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan taqdimot qilishdi.



“Sirdaryolik adiblar hayoti va ijodi” sharti doirasida qatnashchilar viloyat adabiy muhiti namoyandalari haqida ma’lumot bergan bo‘lsa, “Intellektual ring” bosqichida 30 ta savoldan iborat test sinovlarida kuch sinashdi. Test savollari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 15-yanvarda qabul qilingan “Kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va aholi o‘rtasida kitob o‘qishga qiziqishni oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori, shuningdek, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar hamda kitobxonlikni ommalashtirishga qaratilgan loyihalar asosida shakllantirildi.
Hakamlar hay’ati ishtirokchilarning bilim darajasi, intellektual salohiyati va taqdimot mahoratini har bir shart bo‘yicha baholab borishdi.


Yakuniy natijalarga ko‘ra, Xovos tumani “Istiqlol” mahallasi yoshlar yetakchisi Qurbonboy Mirsidiqov birinchi o‘rinni qo‘lga kiritib, “Sirdaryolik kitobxon yoshlar yetakchisi” deb topildi. Ikkinchi o‘rin Oqoltin tumani “Yangi davr” mahallasi yoshlar yetakchisi Mohira Abdumajidovaga, uchinchi o‘rin esa Mirzaobod tumani “Mirzacho‘l” mahallasi yoshlar yetakchisiga nasib etdi.


Tanlov nizomiga muvofiq barcha ishtirokchilar diplom va kitoblar bilan taqdirlanishdi. G‘olibga esa “Sirdaryolik kitobxon yoshlar yetakchisi” ko‘krak nishoni “Tashabbuslar marafoni” doirasida tantanali ravishda topshiriladi.
G‘ulom Primov, Umid Obidjonov (surat) O‘zA