Vazirning abituriyentlar yuqori natijalari haqidagi fikrlari turlicha talqin qilinmoqda
Ijtimoiy tarmoqlarda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipovning abituriyentlar yuqori natijalari hamda oliy ta’limga qabul tartibini takomillashtirishga oid fikrlari turlicha talqin qilinmoqda.
Aslida gap milliy sertifikatlarni bekor qilish yoki ularning natijalarini tan olmaslik haqida emas. Masala shundaki, ayrim ta’lim yo‘nalishlarida abituriyentlar o‘rtasida raqobat juda kuchayib, yuqori ball to‘playotganlar soni ortib bormoqda. Natijada yuqori natija qayd etgan abituriyentlar ham bir-biri bilan raqobatlashadigan vaziyat yuzaga kelmoqda. Shu munosabat bilan qabul jarayonida har bir ta’lim yo‘nalishining xususiyatini hisobga olish va abituriyentlarning bilim hamda qobiliyatini yanada aniqroq baholash imkoniyatlarini ko‘rib chiqish taklif etilmoqda. Jumladan, zarur hollarda ayrim yo‘nalishlar uchun qo‘shimcha test yoki imtihon mexanizmlarini joriy etish masalasi o‘rganilmoqda.
Bu albatta, milliy sertifikat olgan abituriyentning mehnatini qadrsizlantirish degani emas. Sertifikat natijalari tan olinadi. Gap yuqori natijalar ko‘payib borayotgan sharoitda qabul tizimini yanada takomillashtirish haqida ketmoqda. Masalan, muayyan yo‘nalishda o‘rinlar soni cheklangan, ammo juda ko‘p abituriyent yuqori natijaga ega bo‘lsa, ularni adolatli saralash uchun qo‘shimcha baholash mezonlariga ehtiyoj paydo bo‘lishi mumkin. Shuning uchun vazirning qabul mexanizmlarini qayta ko‘rib chiqish mumkinligi haqidagi fikrini “milliy sertifikatlarga ishonch yo‘q” yoki “yuqori ball olgan abituriyentlarning natijasi shubhali” degan ma’noda tushunish to‘g‘ri emas. Aksincha, yuqori natija ko‘rsatayotgan abituriyentlar sonining ortishi yoshlar o‘rtasida bilim va tayyorgarlik darajasi oshib borayotganini ko‘rsatadi.
Endi asosiy vazifa — ana shu yuqori natija ko‘rsatgan abituriyentlar orasidan talabalikka eng munosib nomzodlarni aniqlash imkonini beradigan adolatli va samarali qabul mexanizmini shakllantirish. Agar qabul tartibiga o‘zgartish kiritilsa, eng muhimi, yangi mezonlar abituriyentlarga oldindan aniq va tushunarli tarzda e’lon qilinishi hamda ularning huquq va manfaatlari inobatga olinishidir.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA