O‘zbekiston – Bolgariya hamkorligining yangi bosqichi
Bugun O‘zbekiston va Bolgariya o‘rtasida diplomatik munosabat o‘rnatilganiga 34 yil to‘ldi. 1992-yil 12-sentabrdan buyon o‘tgan davr mobaynida Toshkent va Sofiya siyosiy muloqotni izchil rivojlantirib keldi. Ayniqsa so‘nggi yillarda aloqalar yangi sur’at oldi.
Xususan, mamlakatimizning Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlik ko‘lamini kengaytirishga qaratilgan faol tashqi siyosati doirasida Bolgariya bilan munosabatni yangi mazmun bilan boyitishga e’tibor kuchaymoqda. Siyosiy muloqot sheriklikning muhim yo‘nalishidir. Masalan, 2025-yil iyun oyida Bolgariya Prezidenti Rumen Radevning O‘zbekistonga rasmiy tashrifi doirasida Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan muzokara o‘tkazildi.
Tomonlar o‘zaro aloqalarni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish maqsadida qator kelishuvlarga erishdi. Jumladan, davlat rahbarlari hamkorlikni kuchaytirish to‘g‘risida qo‘shma deklaratsiya imzoladi. Shuningdek, tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida 2026-2027-yillarga mo‘ljallangan dastur hamda Toshkent va Sofiya sherikligini o‘rnatish bitimi almashildi.
Parlamentlararo aloqa faollashmoqda. Xususan ikki mamlakat qonun chiqaruvchi idoralari muloqoti siyosiy munosabatni mustahkamlash va tajriba almashish uchun muhim maydon bo‘lib xizmat qilmoqda.
Savdo-iqtisodiy hamkorlikda ham ijobiy manzara kuzatilmoqda. O‘tgan yilgi oliy darajali muzokarada tovar ayirboshlash hajmini oshirish, to‘qimachilik, oziq-ovqat, kimyo va farmatsevtika mahsulotlari, metall buyumlar hamda texnologiya uskunalari yetkazib berish ko‘lamini kengaytirish zarurligi ta’kidlangan. Shuningdek, qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika, geologiya, sun’iy intellekt, raqamli rivojlanish, axborot texnologiyalari va turizm sohalarida qo‘shma loyihalar amalga oshirish ustuvor yo‘nalishlar sifatida belgilangan.
Transport va logistika sohasi ham istiqbolli yo‘nalish hisoblanadi. Bolgariyaning Varna va Burgas portlari Yevropa bilan Markaziy Osiyoni bog‘lovchi Transkaspiy xalqaro transport yo‘nalishi, ya’ni O‘rta yo‘lak uchun muhim logistik nuqta sifatida ko‘rilmoqda. Shu yil iyunda Bolgariya Transport va kommunikatsiyalar vazirligi shu ikki portni O‘rta yo‘lak bo‘ylab Yevropa va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi mintaqaviy asosiy transport-logistika markaziga aylantirish imkoniyatini ilgari surdi. Bu yo‘nalish O‘zbekiston mahsulotlarini Yevropa bozoriga olib chiqish imkoniyatini kengaytirish nuqtai nazaridan ham muhim.
Yevropa Ittifoqi doirasidagi munosabat ham O‘zbekiston – Bolgariya hamkorligining muhim tarkibiy qismi hisoblanadi. Bolgariya YeI a’zosi sifatida respublikamizning ko‘hna qit’a bilan iqtisodiy-siyosiy aloqalarini rivojlantirishda muhim o‘rin egallaydi. Ayni payt O‘zbekiston va YeI o‘rtasidagi Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim joriy yil 1-martdan vaqtincha qo‘llana boshladi. Ushbu hujjat savdo, investitsiya, iqtisodiyot, energetika, transport kabi muhim sohalar umumiy rivoji uchun mustahkam huquqiy asos yaratadi.
Gumanitar sohada ham aloqa chuqurlashmoqda. 2025-yildagi muzokarada akademik va ilmiy almashinuvni faollashtirish, oliy ta’lim muassasalari hamkorligini kuchaytirish hamda madaniy tadbirlar tashkil etish masalasi ham ko‘tarilgan. Xususan, O‘zbekiston va Bolgariya madaniyati hamda kino haftaligini o‘tkazishga kelishilgan.
Hududlar o‘rtasidagi aloqalar ham ikki xalqni yaqinlashtirishga xizmat qilmoqda. Buxoro va Varna, Samarqand va Plovdiv shaharlari o‘zaro birodarlashgan. 2025-yil Toshkent va Sofiya o‘rtasida sheriklik munosabatini o‘rnatish to‘g‘risidagi bitim imzolandi. Bunday qadamlar madaniy, iqtisodiy va gumanitar almashinuvni rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar ochmoqda.
Turizm sohasida ham ulkan umumiy salohiyat mavjud. Samarqand, Buxoro, Xiva kabi tarixiy shaharlarimiz bolgariyalik sayyohlar uchun juda qiziq. Qora dengiz sohilidagi tarixiy shaharlar va tog‘li hudud esa hamyurtlarimiz uchun jozibador. Ya’ni, turizm va to‘g‘ridan-to‘g‘ri transport aloqasi gumanitar munosabatni yanada kuchaytiradi.
Xullas, O‘zbekiston va Bolgariya o‘rtasidagi 34 yillik diplomatik munosabat bugun yangi mazmun bilan boyimoqda. So‘nggi yillardagi oliy darajali tashriflar, qo‘shma deklaratsiyalar, iqtisodiy hamkorlikning yangi yo‘nalishlari, transport-logistika loyihalari va gumanitar aloqalar ikki mamlakat sherikligi uchun mustahkam zamin yaratmoqda. Erishilgan kelishuvlar tizimli ravishda amaliy bosqichga o‘tishi Toshkent va Sofiya munosabatini yanada chuqurlashtirish uchun yangi imkoniyatlar ochmoqda. Bunday hamkorlik nafaqat ikki mamlakat, balki mintaqamiz va Yevropa manfaatiga ham mos keladi.
Fardona Yaxshiboyeva, O‘zA