Elektr ta’minotidagi muammolar joyida hal etilmoqda
Tadbirkorlik sub’ektlarining murojaatlarini joyida o‘rganish va mavjud muammolarga amaliy yechim topish maqsadida Namangan viloyatida navbatdagi sayyor qabul o‘tkazildi.
“O‘zenergoinspeksiya” va Biznes-ombudsman devonining Namangan hududiy boshqarmasi hamkorligida tashkil etilgan sayyor qabul davomida tadbirkorlarning elektr energiyasi ta’minoti bilan bog‘liq murojaatlari atroflicha ko‘rib chiqildi.
Xususan, Yangi Namangan tumanida faoliyat yuritayotgan “Doctor family” MCHJ va “Nurli tola savdo sanoat” MCHJ vakillarining murojaatlari joyiga chiqqan holda o‘rganilib, elektr ta’minotida yuzaga kelgan muammolar ijobiy hal etildi.
Shuningdek, sayyor qabul jarayonida jami 12 ta murojaat ishchi guruh tomonidan tezkorlik bilan ko‘rib chiqildi. Har bir holat bo‘yicha mas’ul tashkilot va korxonalar vakillariga tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Murojaatchilarga esa mavjud masalalar yuzasidan huquqiy tushuntirishlar berilib, ularning qonuniy manfaatlarini ta’minlash bo‘yicha zarur choralar belgilandi.
Inspeksiya axborot xizmatiga ko‘ra, bunday sayyor qabullar tadbirkorlarning muammolarini joyida o‘rganish, ularga amaliy yordam ko‘rsatish va masalalarni tezkor hal etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
N.Ziyodullayeva, O‘zA