Farg‘onada 18 mingdan ziyod ko‘chmas mulk ob’ekti qonuniylashtirildi
FOTOREPORTAJ
Farg‘ona viloyatida yillar davomida turli sabablarga ko‘ra rasmiylashtirilmay qolgan uy-joy va yer uchastkalariga nisbatan mulkiy huquqlarni qonuniy tartibda belgilash borasidagi ishlar izchil davom ettirilmoqda.
Bu borada “O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalari hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida”gi qonun muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda.
Mazkur qonun fuqarolarning yillar davomida rasmiylashtirilmay kelgan mulkiy huquqlarini qonuniy asosda ta’minlash, mavjud huquqiy muammolarni hal etish hamda aholining mulkiy manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan.
Qonun ijrosi doirasida respublika hududlarida ko‘chmas mulk ob’ektlarini xatlovdan o‘tkazish va ularga oid ma’lumotlarni maxsus axborot tizimiga kiritish ishlari amalga oshirilmoqda.
[gallery-31330]
Farg‘ona viloyatida ham Kadastr agentligi tomonidan tasdiqlangan reja-grafik asosida shahar va tumanlarda bu boradagi ishlar bosqichma-bosqich olib borilmoqda.
Bugungi kunga qadar viloyatda 192 mingdan ziyod ko‘chmas mulk ob’ekti xatlovdan o‘tkazildi. 103 mingdan ortiq ob’ektga oid ma’lumotlar “E’tirof” avtomatlashtirilgan axborot tizimiga kiritildi.
Shuningdek, 11 mingdan ziyod ob’ekt bo‘yicha hujjatlar maxsus komissiya tomonidan ko‘rib chiqilmoqda.
Hozirga qadar 18 ming 486 ta ko‘chmas mulk ob’ektiga nisbatan mulk huquqlari e’tirof etildi. Bu ko‘rsatkich bo‘yicha Farg‘ona viloyati respublikada yetakchi o‘rinni egallab turibdi.
Mulk huquqlarining qonuniy tartibda e’tirof etilishi fuqarolarga o‘z xonadon va yer uchastkalaridan qonun doirasida to‘liq foydalanish imkonini beradi. Jumladan, mulkni meros qilib qoldirish, oldi-sotdi bitimlarini amalga oshirish va boshqa mulkiy huquqlarni rasmiylashtirish uchun huquqiy asos yaratiladi.
Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA