Vazir o‘rinbosari tibbiyot muassasalari faoliyatini o‘rgandi
FOTOREPORTAJ
Namangan viloyati Davlatobod tumanidagi 1-shahar shifoxonasida O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirining komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Jaloliddin Asamutdinov ishtirokida fuqarolar qabuli hamda tibbiy ko‘rik tashkil etildi.
Dastlab mehmonlar tibbiyot muassasasida yaratilgan shart-sharoitlar, bemorlarni qabul qilish, tashxis qo‘yish va davolash jarayonlari bilan tanishdi. Vazir o‘rinbosari shifoxonani zamonaviy tibbiy-diagnostik uskunalar bilan jihozlash, aholiga sifatli va malakali tibbiy xizmat ko‘rsatish bo‘yicha zarur tavsiyalar berdi.
[gallery-30033]
Qabul davomida fuqarolar tomonidan tibbiy xizmat sifati, davolanish jarayonlari, ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam olish, dori-darmon ta’minoti va boshqa masalalar yuzasidan murojaatlar bildirildi. Har bir murojaat mas’ullar ishtirokida atroflicha ko‘rib chiqilib, ularni hal etish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar belgilandi.
— Bugungi kunda davlatimiz rahbari tomonidan aholi murojaatlari bilan ishlashga alohida e’tibor qaratilmoqda, - dedi J. Asamutdinov. — Shu bois Sog‘liqni saqlash vazirligi rahbariyati joylarda bo‘lib, fuqarolar bilan bevosita muloqot o‘tkazmoqda. Bunday qabullar orqali odamlarni qiynayotgan muammolar o‘rganilib, ularning aksariyatini joyida hal etish choralari ko‘rilmoqda. Maqsadimiz har bir murojaat ortida turgan inson taqdiriga mas’uliyat bilan yondashish va fuqarolarning tibbiyot tizimiga bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamlashdan iborat.
Qabulda ishtirok etgan fuqarolardan biri Nosirjon G‘oziyev bir necha yildan buyon orttirilgan yurak nuqsoni tashxisi bilan davolanib kelayotganini ma’lum qildi. Uning murojaati mutasaddilar ishtirokida shu yerning o‘zida ko‘rib chiqilib, ijobiy hal etildi.
— Bugungi qabulda salomatligim yana bir bor ko‘rikdan o‘tkazildi va masalaga zudlik bilan e’tibor qaratildi, - dedi Nosirjon G‘oziyev. — Mutaxassislar tomonidan zarur yo‘llanmalar rasmiylashtirilib, yaqin kunlarda yuragimda murakkab jarrohlik amaliyoti bepul o‘tkazilishi ma’lum qilindi. Buning uchun qabulni tashkil etgan mutasaddilardan minnatdorman.
Qabul yakunlariga ko‘ra, qator murojaatlar joyida hal etildi. Qo‘shimcha o‘rganish talab etiladigan masalalar yuzasidan esa mas’ullarga tegishli topshiriqlar berildi.
Shundan so‘ng vazir o‘rinbosari viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasida tashkil etilgan situatsion markaz faoliyati bilan ham tanishdi.
Bunday qabullar aholining dardu tashvishlarini eshitish, muammolarga tezkor yechim topish hamda xalq bilan davlat idoralari o‘rtasidagi o‘zaro ishonchni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Hotam MAMADALIEV(surat),O‘zA