Respublika tanlovida g‘olibi bo‘ldi
Joriy yilning 18-19-iyun kunlari Surxondaryo viloyati Termiz iqtisodiyot va servis institutida oliy ta’lim tashkilotlari talabalari o‘rtasida giyohvandlikka qarshi kurashish va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishga yo‘naltirilgan “Yoshlar – giyohvandlikka qarshimiz!” ko‘rik-tanlovining respublika final bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Talaba-yoshlarning giyohvandlik, psixotrop hamda kuchli ta’sir qiluvchi moddalarga qarshi kurashish borasidagi bilim va ko‘nikmalarini baholash, oliy ta’lim tashkilotlarida giyohvandlikning zararli oqibatlari to‘g‘risidagi tushunchalarni keng targ‘ib qilish, shuningdek, ijodiy faoliyat orqali sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishga qaratilgan tanlovda hududiy bosqichlarda g‘olib va sovrindor bo‘lgan jami 30 ta jamoa ishtirok etdi.

Ishtirokchilar insho yozish, rasm chizish, qisqa videoroliklar, sahna ko‘rinishi shartlari asosida o‘z iqtidorini namoyish etishga harakat qilishdi.

Eng quvonarlisi, tanlov yakunlariga ko‘ra, Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutining “Nur” jamoasi faxrli 2-o‘rinni egalladi va tashkilotchilar tomonidan diplom, shuningdek, 150 million so‘m miqdorida pul mukofoti bilan taqdirlandi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri