Onlayn ro‘yxatdan o‘tish yakunlanishiga 4 kun qoldi
2026/2027 o‘quv yili uchun davlat oliy va kasbiy ta’lim tashkilotlariga qabul jarayoni doirasida abituriyentlarni onlayn ro‘yxatdan o‘tkazish davom etmoqda.
2026-yil 22-iyun kuni soat 08:08 holatiga ko‘ra, respublika bo‘yicha jami 486 ming 682 nafar abituriyent onlayn ro‘yxatdan o‘tgan.
Ma’lumot o‘rnida aytish lozimki, abituriyentlarni onlayn ro‘yxatdan o‘tkazish O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali hamda qabul platformasi orqali amalga oshirilmoqda.
Onlayn ro‘yxatdan o‘tishning birinchi bosqichi 25-iyunga qadar (shu kuni ham) davom etadi. Shu munosabat bilan hujjat topshirishni keyinga qoldirmaslik va belgilangan muddatlarda ro‘yxatdan o‘tish tavsiya etiladi.
Abituriyentlar uchun onlayn ro‘yxatdan o‘tish tartibi bo‘yicha maxsus videoyo‘riqnoma ham taqdim etilgan bo‘lib, unda hujjat topshirish jarayoni bosqichma-bosqich tushuntirilgan.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA