Qonunning mazmun-mohiyati tushuntirildi
Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida O‘zbekiston Respublikasining 2026-yil 11-iyunda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar yoki ularning analoglarining va kuchli ta’sir qiluvchi moddalarning qonunga xilof muomalasi uchun javobgarlikni takomillashtirishga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi Qonunining mazmun-mohiyati hamda uning jamiyat hayotidagi ahamiyatiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda filial rahbariyati, professor-o‘qituvchilar, xodimlar hamda talaba-yoshlar ishtirok etishdi.
Tadbirda jinoyat ishlari bo‘yicha Nukus shahar sudi sudyasi N.Bekimbetova tomonidan mazkur Qonun bilan amaldagi qonunchilikka kiritilgan qo‘shimcha va o‘zgartishlarning mazmuni batafsil tushuntirildi.
Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda mamlakatimizda giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar yoki ularning analoglarining, shuningdek kuchli ta’sir qiluvchi moddalarning qonunga xilof muomalasiga qarshi kurashish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Shu bilan birga giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar yoki ularning analoglari hamda kuchli ta’sir qiluvchi moddalar qonunga xilof ravishda muomalada bo‘lishining ortib borayotganligi, buning natijasida esa aholi salomatligi va genofondiga jiddiy xavf yuzaga kelayotganligi bunday huquqbuzarliklar uchun javobgarlikni takomillashtirish zaruriyatini yuzaga keltirmoqda.
Mazkur Qonun bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksi, Jinoyat-protsessual kodeksi va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga hamda ayrim qonun hujjatlariga giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar yoki ularning analoglarining hamda kuchli ta’sir qiluvchi moddalarning qonunga xilof ravishda muomalada bo‘lganligi uchun javobgarlikni belgilovchi normalarni tizimlashtirish va takomillashtirish bilan bog‘liq, shuningdek qonunchilikdagi huquqiy bo‘shliqlarni to‘ldirishga, boshqa qonun hujjatlari bilan muvofiqlashtirishga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilmoqda. Shu nuqtai nazardan Qonun jamoat xavfsizligi va tartibini ta’minlashga, aholi salomatligi va genofondini himoya qilishga, qonun ustuvorligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Tadbir davomida yoshlar orasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish, ularni turli zararli illatlar va huquqbuzarliklarga olib keluvchi omillardan ogoh etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Bu borada ta’lim muassasalari, oila va jamoatchilikning o‘zaro hamkorligi muhim o‘rin tutishi, yoshlar tarbiyasida mas’uliyat va e’tiborning uzviyligi zarurligi qayd etildi.
Uchrashuv yakunida ishtirokchilar tomonidan bildirilgan fikr-mulohazalar va berilgan savollar yuzasidan atroflicha tushuntirish berildi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri