Uychilik pillakorlarning yutug‘i
Namangan viloyatining Uychi tumani pillakorlari joriy yilda 3 ming 970 quti ipak qurtidan 238 tonna pilla hosili olib, viloyatda birinchi bo‘lib zafar quchdilar.
Pillachilik qishloq xo‘jaligining muhim va serdaromad tarmoqlaridan biridir. Keyingi yillarda aholi bandligini ta’minlash va daromadini oshirishda muhim o‘rin tutayotgan bu soha ipak qurti parvarishi orqali tabiiy ipak xomashyosini yetishtirishga xizmat qilmoqda.

Yurtimizda pillachilikni zamonaviy texnologiyalar asosida rivojlantirish, mahsulot sifatini oshirish va eksport salohiyatini kengaytirishga katta e’tibor qaratilmoqda. Ayniqsa, Prezidentimizning 2026-yil 6-martdagi “Ipakchilik sohasini yangi tizim asosida rivojlantirish hamda ozuqa bazasini mustahkamlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ipakchilikni yanada rivojlantirish, ipak qurtini parvarishlash, ozuqa bazasini mustahkamlash, pilla yetishtirish jarayonlarini takomillashtirish va shu yo‘nalishdagi ipakchilik korxonalari quvvatlarini oshirishda dasturilamal bo‘ldi.

Qayd etish joizki, Uychi tumanida pillachilik ish va naf manbaiga aylantirilib, mavsum davomida ikki mingga yaqin xotin-qizlarning bandligi ta’minlandi. Har qutidan o‘rtacha 60 kilogrammdan hosil olinishiga erishildi.

Darhaqiqat, yuksak pilla xirmonining yaratilishida fermer xo‘jaliklari, kasanachilar, mahalla yettiligining hamjihatlikda ish olib borgani, tumanda pilla yetishtirish bilan band bo‘lgan oilalar uchun zarur shart-sharoitlar yaratilib, sohada mehnat qilayotgan aholini qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilgani, mutasaddi tashkilotlar tomonidan pillani qabul qilish, saralash va topshirish jarayonlari tizimli tashkil etilgani marraning barvaqt egallanishida muhim omil bo‘ldi.
Oqilxon Dadaboyev, Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA