Ustoz mehnati — kelajak poydevori
1-oktabr — Ustoz va murabbiylar kuni munosabati bilan Toshkent viloyatida ta’lim sohasida ko‘p yillar samarali mehnat qilib, yosh avlodga puxta bilim va munosib tarbiya berishga munosib hissa qo‘shayotgan fidoyi pedagoglarga ehtirom ko‘rsatildi.
Shu munosabat bilan viloyat hokimligida ta’lim tizimida uzoq yillik mehnati, kasbiga sadoqati va tashabbuskorligi bilan alohida o‘rin tutgan bir guruh ustoz va murabbiylar ishtirokida tantanali tadbir tashkil etildi.
Tadbirda viloyat hokimi Zoyir Mirzayev so‘zga chiqib, jamiyat taraqqiyoti, avvalo, ta’lim va tarbiya sifati bilan chambarchas bog‘liq ekanini ta’kidladi. Bu mas’uliyatli va sharafli vazifani zimmasiga olgan ustozlarning fidokorona mehnati, bilim va tajribasi, yoshlar qalbiga singdirayotgan ezgu qadriyatlari yurt kelajagini belgilashda muhim ahamiyat kasb etishi qayd etildi.

Shundan so‘ng ilk bor o‘tkazilgan Respublika “Yil o‘qituvchisi” ko‘rik-tanlovining Toshkent viloyati bosqichida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan pedagoglarga ajratilgan pul mukofotlari vaucherlar tantanali ravishda topshirildi.
Shuningdek, ta’lim-tarbiya yo‘nalishida yuqori natijalarga erishib, ilg‘or tajribasi, tashabbuskorligi va fidoyiligi bilan hamkasblariga namuna bo‘lib kelayotgan bir guruh pedagoglar ham turli nominatsiyalar bo‘yicha taqdirlandi.
Darhaqiqat, ustozning vazifasi faqat dars berish bilan cheklanmaydi. U yosh avlod qalbiga ilmga muhabbat, Vatanga sadoqat, ezgulik va bunyodkorlik tuyg‘ularini singdiradi. Shu bois pedagog mehnatining haqiqiy samarasi uning shogirdlari erishayotgan yutuqlarda, jamiyat hayotida o‘z o‘rnini topayotgan yoshlar misolida namoyon bo‘ladi.

Bugun ta’lim sohasida mehnat qilayotgan fidoyi ustozlarning kasbiy mahorati va hayotiy tajribasini qadrlash, ularning mehnatini munosib rag‘batlantirish yosh avlod ta’lim-tarbiyasiga bo‘lgan e’tiborning muhim ifodasidir.
A.Musayev,O‘zA