Markaziy Osiyo talabalar sport forumi ishtirokchilari Samarqandda
29-sentabr kuni Toshkentda boshlangan I Markaziy Osiyo xalqaro talabalar sporti forumi ishtirokchilari bugun Samarqandga keldi.
Dastlab "Ipak yo‘li" xalqaro turizm va madaniy meros universitetida Butunjahon universitetlar sporti federatsiyasi (FISU) prezidenti Leonz Eder hamda Markaziy Osiyo va milliy universitet sport federatsiyalari rahbariyati bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston talabalar sporti assotsiatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Erkin Qodirov forumning dastlabki kunlarida xorijlik ekspertlar, oliy ta’lim va sport vazirliklari mutasaddilari bilan mamlakatimizda talabalar sportini rivojlantirish modeli, shuningdek, O‘zbekiston tajribasini butunjahon sport hamjamiyatiga tanitish va boshqa davlatlarda qo‘llash, sohadagi dolzarb masalalarni hal qilishda hamkorlik istiqbollarini belgilash masalalari muhokama qilinganini ma’lum qildi.
– Talabalar sportini targ‘ib qilishdan maqsad nafaqat sog‘lom muhit yaratish va sportni rivojlantirish, balki mamlakatlar o‘rtasidagi milliy-madaniy aloqalarni mustahkamlashdir, – dedi Butunjahon universitetlar sporti federatsiyasi (FISU) prezidenti Leonz Eder. – Shuningdek, talabalar o‘rtasida xalqaro musobaqalarni tashkil etish va iqtidorli sportchilarni aniqlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu maqsadlarni qo‘llab-quvvatlayotgan O‘zbekiston va boshqa Markaziy Osiyo davlatlari universitet sporti federatsiyalari mas’ullariga minnatdorlik bildiraman.
[gallery-31737]
Uchrashuvdan so‘ng tadbir ishtirokchilari "Ipak yo‘li" xalqaro turizm va madaniy meros universitetida talabalar va o‘qituvchilarga yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.
Tashrif dasturiga muvofiq, mehmonlar Amir Temur maqbarasi, Registon maydoni, Shohi Zinda majmuasi va boshqa diqqatga sazovor maskanlarda bo‘ldi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari