“BerufsEXPO” – kasb tanlashda xalqaro imkoniyatlarni taqdim etdi
Toshkent transport texnikumida Germaniyada kasbiy ta’lim va kasbiy faoliyat imkoniyatlariga bag‘ishlangan “BerufsEXPO” yarmarkasi tashkil etildi.
Ikki kun davom etgan mazkur tadbirda yoshlar Germaniyadagi kasbiy ta’lim yo‘nalishlari, xalqaro mehnat bozori talablari, ish va karera istiqbollari bilan tanishib, yetakchi xorijiy kompaniyalar mutaxassislari bilan bevosita muloqot qilish imkoniga ega bo‘ldi.

Yarmarka ochilishida ishtirok etgan GFRning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Mattias Follert yoshlarni kasb tanlashga yo‘naltirish, ularga xalqaro ta’lim va mehnat bozori haqida ishonchli ma’lumot berishda bu kabi tadbirlar muhim ahamiyat kasb etishi xususida so‘z so‘z yuritdi. Yurtimiz yoshlarining Germaniyada ta’lim olish va ishlashga bo‘lgan qiziqishining ortib borayotgani ikki davlat munosabatlarining yanada jipslashishiga olib kelishini ta’kidladi.

Ma’lumki, bugungi kunda yoshlarning nafaqat sifatli ta’lim olishi, balki tanlagan kasbi bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarni egallashi va xalqaro mehnat bozorida o‘z o‘rnini topishi, raqobatbardosh kadr bo‘lib yetishishi uchun yetarli sharoit mavjud. Ayniqsa, xorijiy tillarni puxta o‘zlashtirgan yigit-qizlar uchun xalqaro ta’lim va kasbiy tayyorgarlik dasturlari yangi imkoniyatlar eshigini ochmoqda.

Germaniyada kasbiy ta’lim tizimi ana shunday imkoniyatlardan biri sifatida e’tiborga molik. Bu tizimda nazariy bilim bilan bir qatorda, amaliyotga alohida e’tibor qaratilgan. Talabalar o‘zi tanlagan kasb bo‘yicha bilim olish bilan birga, korxona va tashkilotlarda amaliy tajriba orttirishi ham mumkin.
“BerufsEXPO” kasbiy ta’lim va karera yarmarkasi esa ushbu tizim haqida bevosita mutaxassislar, ta’lim muassasalari va Germaniya kompaniyalari vakillaridan ma’lumot olish uchun o‘ziga xos muloqot maydoni vazifasini o‘tamoqda.
Tadbirda PASCH (Germaniyaning hamkor maktablar tarmog‘i) maktablari, umumta’lim maktablari o‘quvchilari, texnikum va oliy ta’lim muassasalari talabalari, shuningdek, nemis tilini o‘rganayotgan faol yoshlar ishtirok etdi.

Yarmarkani o‘ziga xos jihati shundaki, ishtirokchilar Germaniyadagi kasbiy ta’lim tizimi haqida faqat nazariy ma’lumot olibgina qolmay, turli mutaxassisliklar bo‘yicha tashkil etilgan amaliy ish jarayonida o‘zini sinab ko‘rish imkoniga ham ega bo‘ldi.
Tadbirda Germaniyaning qator kompaniyalari vakillari ishtirok etib, o‘z tashkilotlaridagi kasbiy faoliyat va karera imkoniyatlari haqida ma’lumot berdi. Bu esa yoshlarga ish beruvchilarning talablari, zamonaviy kasblar va mutaxassislarga qo‘yilayotgan talablar haqida bevosita tasavvur hosil qilish imkonini berdi.
– Bugungi yarmarkada ishtirok etish men uchun juda qiziqarli va foydali bo‘ldi, - deydi ishtirokchi yoshlardan biri Fozil Abduvahobov. – Bu yerda xalqaro mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasblar haqida ma’lumot olish bilan birga, qiziqishimga mos yo‘nalishni tanlash uchun zarur tavsiyalarga ega bo‘ldim. Nemis tilini yanada yaxshi o‘rganib, kelajakda o‘zim qiziqqan soha – mexanika yo‘nalishida bilim va tajriba oshiraman.
Yarmarkada ta’lim va mehnat sohasidagi tashkilotlar ham o‘z takliflarini taqdim etdi. Xususan, Gyote instituti, Germaniya Tashqi savdo palatasining Markaziy Osiyo bo‘yicha vakolatxonasi, O‘zbekiston Respublikasi Migratsiya agentligi va Yoshlar ishlari agentligi vakillari ishtirokchilarga Germaniyada kasbiy ta’lim olish va kasbiy faoliyat yuritish, xavfsiz va qonuniy mehnat migratsiyasi bilan bog‘liq masalalar, istiqbolli loyihalar bo‘yicha ma’lumot va maslahatlar berdi.
Birinchi kun dasturidan interaktiv maydonchalar, amaliy mashg‘ulotlar, taqdimotlar va panel muhokamalari o‘rin oldi. Jarayonda yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan javob olib, turli kasblar bilan yaqindan tanishdi va kelgusidagi ta’lim yo‘nalishlari haqida ma’lumot to‘pladi.
Yarmarkaning ikkinchi kunida soha mutaxassislari ishtirokida mahorat darslari va turli amaliy mashg‘ulotlar tashkil etildi.
Tadbir doirasida shuningdek, nemis tilidan dars beruvchi hamda kasb-hunar ta’limi bo‘yicha multiplikator vazifasini bajaruvchi o‘qituvchilar ishtirokida uchrashuv o‘tkazildi.
Germaniya elchixonasi, Gyote instituti, Germaniya Tashqi savdo palatasining Markaziy Osiyo bo‘yicha vakolatxonasi hamda Germaniyaning “SCHULEWIRTSCHAFT” tarmog‘i hamkorligida tashkil etilgan tadbir yoshlarni kasb tanlash jarayoniga erta yo‘naltirish, qo‘llab-quvvatlash, ularni xalqaro ta’lim va mehnat bozoridagi imkoniyatlar bilan tanishtirish hamda ta’lim muassasalari va ish beruvchilar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni yo‘lga qo‘yishga xizmat qiladi.
Kamola Yusupova,
Oybek Pardayev (surat), O‘zA