Orolbo‘yida o‘qituvchi va murabbiylar kuni keng nishonlandi
Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik musiqa teatrida 1-oktabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi Amanbay Orinbayev yig‘ilganlarni kasb bayrami munosabati bilan tabrikladi.
Ta’kidlanganidek, Prezidentimiz o‘qituvchi va murabbiylar kuni arafasida ustoz va murabbiylar bilan uchrashuvda so‘nggi yillarda yurtimizda ta’lim sohasidagi islohotlar, erishilgan natijalar va yechimini kutayotgan muammolarga alohida e’tibor qaratib, oldinda qilinishi kerak bo‘lgan asosiy vazifalarga to‘xtalib o‘tdi.
Dono xalqimizda “Ustoz otangdek ulug‘” degan chuqur ma’noli gap bejiz aytilmagan. Chunki, biz kim bo‘lmaylik, qaysi kasbda ishlamaylik, hammamiz o‘qituvchi va murabbiylar qo‘lidan ta’lim-tarbiya olganmiz, ularning ko‘magida hayotda o‘z yo‘limizni topganmiz. Shuning uchun ham o‘qituvchi va murabbiy deganda ko‘z oldimizga, eng avvalo, har birimiz uchun eng aziz va eng qadrli bo‘lgan farzandlarimizga ta’lim-tarbiya, kelajakka aniq yo‘nalish berishdek ezgu ishga o‘z hayotini bag‘ishlagan mo‘’tabar kasb egalari gavdalanadi.
[gallery-31734]
Shuni alohida ta’kidlashimiz kerakki, sohadagi islohotlar jamiyatda o‘qituvchilarning o‘rni oshishiga va muvaffaqiyatlarga mustahkam poydevor bo‘lmoqda. Misollar bilan aytib o‘tadigan bo‘lsak, o‘tgan 5 yilga nisbatan toifalangan o‘qituvchilar soni 3 yarim barobarga oshgani, shuningdek, milliy sertifikat olgan o‘qituvchilar soni 207 nafardan 13 ming nafarga, xalqaro sertifikatga ega o‘qituvchilar esa 4 yarim ming nafarga ko‘paygani, joriy yilning o‘zida 15 nafar o‘qituvchining Germaniya, Fransiya, Turkiya, Ozarbayjon va Xitoy davlatlariga borib, malaka oshirib qaytgani yuqori ko‘rsatgichdir.
Shuningdek, “Yil o‘qituvchisi” tanlovida 17 nafar o‘qituvchi g‘olib bo‘lib, har biri 616 million so‘mdan moddiy rag‘batlantirilgani, bayram munosabati bilan 7 nafar fidoyi o‘qituvchi-murabbiyning davlat mukofotlariga munosib deb topilgani esa ezgu ishlardan darak beradi.
O‘z navbatida ustozlar ishonchini oqlab, yutuqlari bilan faxrimizga aylanayotgan yoshlarimiz ko‘pchilikni tashkil etadi. Butunjahon shaxmat olimpiadasida chempionlikni qo‘lga kiritgan mamlakatimiz terma jamoasi tarkibida para-shaxmatchi Selbi Kakishevaning ham borligi barchamizga faxr-iftixor bag‘ishlamoqda.
Shu bilan birga joriy yil boshidan buyon qoraqalpog‘istonlik sportchi yoshlarning Osiyo, jahon chempionatlari hamda xalqaro musobaqalarda 114 oltin, 121 kumush va 183 bronza, jami 418 medalni qo‘lga kiritganini, 2025-2026 o‘quv yilida 450 nafar o‘quvchimiz muddatidan oldin talaba bo‘lganini, asosiy fan olimpiadasi Respublika bosqichida so‘nggi ikki yilda o‘quvchilar jamoaviy hisobda ikkinchi o‘rinni egallab kelayotganini, xalqaro fan olimpiadalarida o‘quvchilarning 7 ta sovrinli o‘rinni egallaganini alohida aytish lozim.
Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Prezidiumi qarori bilan bir guruh soha fidoyilariga ko‘krak nishonlari, Faxriy yorliq va rag‘batlantiruvchi mukofotlar tantanali ravishda topshirildi.
Bayram tantanasi san’at va madaniyat xodimlari ijrosidagi konsert dasturi bilan davom etdi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA muxbirlari