Ukraina va Kanada 100 yillik sheriklik deklaratsiyasini imzoladi
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy va Kanada bosh vaziri Mark Karni Kalgari shahrida o‘tkazilgan uchrashuvda 100 yillik hamkorlik to‘g‘risidagi deklaratsiya va qator muhim hujjatlarni imzoladilar.
Ta’kidlanishicha, ushbu kelishuv ikki mamlakat o‘rtasidagi iqtisodiy, siyosiy va xavfsizlik aloqalarini yanada mustahkamlash hamda Ukrainada barqaror tinchlikni ta’minlashga qaratilgan.
Mark Karni bitim Ukraina xavfsizligi va Yevro-Atlantika mintaqasi uchun muhim ekanini aytib, Kiyevning NATO va Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lishga intilishlarini hamda bu yo‘ldagi islohotlarni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. Shuningdek, u Ukrainaga harbiy va moliyaviy yordam ko‘rsatishni izchil davom ettirishini ma’lum qildi.
Xususan, 2029-yilgacha uzaytirilgan “UNIFIER” operatsiyasi doirasida Ukraina qurolli kuchlariga havo hujumidan himoya tizimlari, harbiy texnika, o‘q-dorilar va mutaxassislarni tayyorlash bo‘yicha ko‘mak beriladi. Qolaversa, tomonlar dronlar va ularga qarshi kurashish vositalari, elektron tizimlar hamda o‘q-dorilarni birgalikda ishlab chiqish uchun mudofaa sanoati sohasida uzoq muddatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yadi.
Bundan tashqari, Kanada Rossiyaga nisbatan iqtisodiy sanksiyalarni saqlab qolish va G7 sheriklari bilan birgalikda RFning muzlatilgan aktivlarini Ukrainani tiklashga yo‘naltirish ustida ishlashni hamda kelajakda Mudofaa va xavfsizlik bankini tashkil etishni rejalashtirmoqda.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA