Sog‘liqni saqlash tizimini moliyalashtirishda zamonaviy yechimlar muhokama qilindi
Toshkent shahrida sog‘liqni saqlash sohasini moliyalashtirish hamda davlat tibbiy sug‘urtasi tizimini takomillashtirishga bag‘ishlangan xalqaro forumning ikkinchi kuni davom etmoqda.
Tadbirda mahalliy va xorijiy ekspertlar, soha mutaxassislari va mas’ul rahbarlar ishtirokida tibbiyot tizimining moliyaviy barqarorligini ta’minlash va raqamli texnologiyalarni joriy etish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Muhokamalarning asosiy urg‘usi sog‘liqni saqlash va tibbiy sug‘urta sohasida elektron ma’lumotlardan samarali foydalanish, shuningdek, tibbiy xizmatlarni moliyalashtirishda raqamli yechimlarning o‘rniga qaratildi.
Konferensiyada Osiyo taraqqiyot banki vakili Eduardo Banzon, Xalqaro mehnat tashkiloti vakili Matilda Mayefert hamda Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) vakili Andres Ramnomyae so‘zga chiqib, strategik xaridlarni rivojlantirish va kelgusidagi ustuvor vazifalar bo‘yicha o‘z taqdimotlarini namoyish etishdi.
Shu bilan birga, Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi vakillari tomonidan o‘tgan besh yil davomida erishilgan yutuqlar, hududlar kesimida moliyalashtirish ko‘rsatkichlari, tibbiy xizmatlar sifatini monitoring qilish va nazorat qilish mexanizmlari tahlil qilindi. Yig‘in doirasida raqamli sog‘liqni saqlash va sun’iy intellekt imkoniyatlariga alohida e’tibor qaratilib, jahon tajribasi misolida ma’lumotlarni tekshirish, moliyaviy audit vositalari hamda sun’iy intellekt ekotizimini qo‘llash masalalari ko‘rib chiqildi.
[gallery-31368]
Forumning navbatdagi bosqichida O‘zbekistonda ixtisoslashtirilgan va yuqori xarajatli tibbiy yordamni hamda silga qarshi kurashishni moliyalashtirish, shuningdek, aholini dori-darmon bilan ta’minlashda reimbursatsiya dasturi qamrovini kengaytirish masalalari muhokama qilinadi.
Ekspertlar fikricha, bu kabi muloqotlardan asosiy maqsad - tibbiy xizmatlarni moliyalashtirish tizimini takomillashtirish va aholi uchun sifatli tibbiy yordam olish imkoniyatlarini kengaytirishdan iborat.
Fardona Yaxshiboyeva,
O‘ktam Hayitov (surat), O‘zA