Ayo Sofiyaning tarixiy qiyofasi asrab qolinadi
Turkiyaning Istanbul shahridagi mashhur Ayo Sofiya masjidida keng ko‘lamli qayta restavratsiya ishlarining navbatdagi bosqichi boshlandi. Ta’kidlanishicha, tarixiy inshootning sharqiy yarim gumbazini mustahkamlash maqsadida maxsus po‘lat platforma o‘rnatiladi.
Mazkur ishlar Ayo Sofiyani asrab-avaylash, restavratsiya qilish va mustahkamlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan eng yirik va kompleks loyiha doirasida olib borilmoqda. Asosiy maqsad qariyb 1500-yillik tarixga ega me’moriy obidaning zilzilabardoshligini oshirish, shu bilan birga, uning noyob tarixiy va badiiy elementlarini kelajak avlodlar uchun saqlab qolishdan iborat.
Konstruksiyalarni mustahkamlash ishlaridan so‘ng mutaxassislar mozaikalar, dekorativ naqshlar va marmar yuzalarni keng ko‘lamda restavratsiya hamda konservatsiya qilishga kirishadi. Jarayon arxitektorlar, muhandislar, san’atshunoslar va restavratsiya bo‘yicha mutaxassislardan iborat ilmiy kengash nazorati ostida amalga oshirilmoqda.
Ayni paytda restavratsiya ishlari majmuaning bir nechta qismida bir vaqtning o‘zida davom etmoqda. Xususan, avvalroq shimoli-sharqiy minorani ta’mirlash va zilzilaga chidamliligini oshirish ishlari yakunlangan. Jarayonda yuzlab tarixiy tosh elementlar qismlarga ajratilib, mutaxassislar tomonidan sinchiklab o‘rganilgan va qayta tiklangan.
Asosiy gumbazda ham keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Uni yog‘ingarchilik va boshqa tashqi ta’sirlardan himoya qilish uchun vaqtinchalik po‘lat konstruksiya va maxsus himoya qoplamasi o‘rnatilgan. Gumbazning qo‘rg‘oshin qoplamasi olib tashlanganidan keyin uning texnik holati zamonaviy skanerlash uskunalari va maxsus radarlar yordamida batafsil tekshiriladi.
Ekspertlar fikricha, mazkur tadqiqotlar tarixiy inshoot konstruksiyalarining bugungi holatini aniq baholash va keyingi mustahkamlash ishlarini ilmiy asosda tashkil etish imkonini beradi. E’tiborlisi, keng ko‘lamli restavratsiya ishlariga qaramay, Ayo Sofiya ibodat va ziyorat qiluvchilar uchun ochiq qolmoqda.
A.Mamatov, O‘zA