Eron ballistik raketalar ishlab chiqarishni qayta tiklamoqda
“The Wall Street Journal” nashri yozishicha, Eron raketa ishlab chiqarish ob’ektlari vayron qilinganiga qaramay, ballistik raketalarni qayta yig‘ishni boshlagan.
Hozirda Tehron yaqinidagi “Xojir” yer osti majmuasida faollik kuzatilmoqda, mutaxassislar u yerda raketa tizimlarini yig‘ish ustida ishlamoqda. Ta’kidlanishicha, bu jarayonda asosan, raketa korpuslari, boshqaruv tizimlari va jangovar kallaklardan foydalanilmoqda.
Ekspertlar fikricha, Vashington bilan muayyan kelishuvga erishilgach, ishlab chiqarish sur’ati pasayganiga qaramay, mavjud zaxiralar Tehronga kamida 200 ta ballistik raketa yig‘ish imkonini beradi.
Havo hujumlari Eronning ishlab chiqarish quvvatlari va butlovchi qismlarni xorijdan olib kelish imkoniyatlariga jiddiy putur yetkazgan bo‘lsa-da, mamlakat raketa dasturini tiklashda davom etmoqda.
Tehron nafaqat mavjud zaxiralardan foydalanmoqda, balki havo zarbalaridan himoyalangan yangi yer osti inshootlari va yig‘ish maydonchalarini ham barpo etmoqda. Eronning raketa infratuzilmasi turli hududlarga, xususan, yer osti majmualariga tarqatilgani sababli uni to‘liq yo‘q qilishning imkoni bo‘lmagan. Salohiyatni tiklashga bo‘lgan bu kabi urinishlar ballistik raketalar dasturi hali ham Eronning harbiy strategiyasida markaziy o‘rin tutishini anglatmoqda.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA