Uchinchi bosqichda 34 nafar pedagog ishtirok etmoqda
Qoraqalpog‘iston Respublikasida “Yil o‘qituvchisi” Respublika tanlovining uchinchi bosqich sinovlari bo‘lib o‘tmoqda.
Unda tanlovning birinchi va ikkinchi bosqichlarida yuqori natijalarni ko‘rsatib, saralashdan muvaffaqiyatli o‘tgan 34 nafar pedagog ishtirok etmoqda.
– Tanlovning uchinchi bosqichi yuqori saviyada tashkil etilgan bo‘lib, biz o‘zimizning pedagogik faoliyatimizni aks ettiruvchi taqdimotimiz bilan ishtirok etmoqdamiz. Ishtirokchilar uchun barcha texnik va ijtimoiy imkoniyatlar yaratib berilgan. Buning uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga hamda Pedagogik mahorat markazi jamoasiga minnatdorlik bildiramiz, – deydi tanlovning uchinchi bosqichi ishtirokchisi, To‘rtko‘l tumanidagi 22-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabining ona tili va adabiyoti fani o‘qituvchisi Muborak Sharipbayeva.

– Tanlov tashkilotchilari tomonidan uchinchi bosqich jarayonlari ishtirokchilarga batafsil tushuntirildi. Hakamlarning boshqa viloyatlardan tanlangani ko‘rik-tanlovning shaffofligini ta’minlaydi. Barcha ishtirokchilarga omad tilayman, – deydi tanlov ishtirokchisi, Qo‘ng‘irot tumanidagi 35-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabining kimyo fani o‘qituvchisi Liza Davlenova.
“Yil o‘qituvchisi” Respublika tanlovining uchinchi bosqich sinovlari 30-iyulgacha davom etadi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri