"Xotin-qizlar balansi" ijrosi o‘rganildi
Sirdaryo viloyatining Mirzaobod tumanida xotin-qizlarning ijtimoiy holati, ehtiyojlari va mavjud muammolarini aniqlashga qaratilgan "Xotin-qizlar balansi"ni shakllantirish ishlarining borishi Respublika Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi ishchi guruhi tomonidan atroflicha o‘rganildi.
Tuman hokimligida o‘tkazilgan yig‘ilishda amalga oshirilayotgan ishlar tanqidiy-tahliliy asosda ko‘rib chiqilib, jarayon samaradorligini oshirish hamda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan mas’ullarga tegishli vazifalar yuklatildi.

Bugungi kunda tumanda istiqomat qilayotgan 40 ming 893 nafar xotin-qizning ijtimoiy holati va ehtiyojlarini aniqlash maqsadida anketa-so‘rov ishlari olib borilmoqda. Hozirga qadar 28 ming 194 nafar xotin-qiz qamrab olinib, belgilangan reja 67 foizga bajarildi.

Yig‘ilishda Respublika ishchi guruhi a’zolari, tuman shtabi mas’ullari, hamkor tashkilotlar va mahalla «yettiligi» ishtirokida bajarilayotgan ishlar tahlil qilindi. Xotin-qizlarning muammolarini chuqur o‘rganish, ularga manzilli yordam ko‘rsatish, ma’lumotlarni ishonchli shakllantirish hamda jarayonni belgilangan muddatlarda sifatli yakunlash yuzasidan aniq vazifalar belgilab olindi.

Shundan so‘ng ishchi guruhi a’zolari ko‘rsatkichlari nisbatan past bo‘lgan Bog‘iston va Mirzo Ulug‘bek mahallalarida bo‘lib, joylardagi ishlar bilan tanishdi. Xonadonbay o‘rganishlar, anketa-so‘rovnomalarning sifati hamda ma’lumotlarni elektron bazaga kiritish jarayoni tahlil qilinib, “Mahalla yettiligi” a’zolariga amaliy tavsiya va tegishli ko‘rsatmalar berildi.

Tashriflar davomida xotin-qizlarning murojaatlari ham e’tibor markazida bo‘ldi. Jumladan, Bog‘iston mahallasida yashovchi I guruh nogironi Dildora Qarshiyevani mioma kasalligi bo‘yicha viloyat shifoxonasiga davolanishga yo‘naltirish, II guruh nogironi Gulnora Dushayevani esa revmatizm kasalligi bo‘yicha tuman ko‘p tarmoqli shifoxonasida davolash yuzasidan tegishli choralar belgilandi.

Ishchi guruhi Mirzaobod tuman tibbiyot birlashmasida ham mas’ul xodimlar bilan uchrashuv o‘tkazdi. Unda “Xotin-qizlar balansi” doirasida tibbiy yordamga muhtoj xotin-qizlar haqidagi ma’lumotlarni tezkor almashish, tegishli hujjatlarni o‘z vaqtida taqdim etish hamda idoralararo hamkorlikni yanada kuchaytirish masalalari muhokama qilindi.

Mirzo Ulug‘bek mahallasidagi o‘rganishlar davomida “Ayollar daftari”ga kiritilgan Y. Burxonovaning xonadoni ham ko‘zdan kechirildi. O‘rganish jarayonida uning turmush o‘rtog‘i vafot etgani, to‘rt nafar voyaga yetmagan farzandi borligi hamda uy-joyi ta’mirtalab ekani aniqlandi.

Mazkur xonadonni ta’mirlash uchun “Ayollar daftari” jamg‘armasi hisobidan 20 million 600 ming so‘m mablag‘ ajratilgani, biroq ta’mirlash ishlari sust ketayotgani qayd etilib, jarayonni jadallashtirish bo‘yicha mas’ullarga aniq topshiriqlar berildi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri